2026-yildan O‘zbekiston va Moldova o‘rtasida yuk tashuvlari ruxsatnomasiz bo‘ladi

Kishinyov shahrida O‘zbekiston va Moldova o‘rtasida avtomobil transportida yuk tashuvlarini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Uchrashuvda ikki davlat vakillari avtomobil transportida xalqaro yuk tashuvlariga oid amaldagi kelishuvlarga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha bayonnoma imzoladi.
Yangi kelishuvga ko‘ra, 2026-yil boshidan boshlab O‘zbekiston va Moldova o‘rtasida ikki tomonlama hamda tranzit yuk tashuvlari ruxsatnomasiz amalga oshiriladi.
Mazkur kelishuv Yevropa yo‘nalishida yuk tashuvlarini rivojlantirish, milliy tashuvchilarga qulaylik yaratish hamda eksport zanjiri barqarorligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Bundan avval O‘zbekistondan o‘tadigan xorijiy yuk transportlari uchun to‘lovlar kamaytirilgandi.
Bundan tashqari, xorijiy yuk transportlarini mamlakat hududidan olib o‘tishda topshirilgan arizalar ko‘rib chiqiladi va yo‘nalish kelishiladi. Ruxsatnoma berish uchun to‘lov esa «Litsenziya» axborot tizimida quyidagicha hisoblanadi:
- 100 km gacha – BHMning 54%;
- Har bir keyingi km uchun – BHMning 0,24%.
Avval bu to‘lovlar 100 km uchun $25, keyingi har bir km uchun esa $0,11 miqdorida bo‘lgan.