
Xalqaro shaxmat federatsiyasi (FIDE) avgust oyiga oid yangilangan reytingni e’lon qildi. Unda Nodirbek Abdussattorov iyul oyida 7-o‘rinda bo‘lgan bo‘lsa, avgustda 11-pog‘onaga tushib ketdi. Uning reytingi 2771 dan 2748 gacha kamaydi.
Shu bilan birga, top-100 talikka yana to‘rt nafar o‘zbekistonlik grossmeyster ham kiritilgan. Javohir Sindorov 25-o‘rindan 24-o‘ringa ko‘tarilib, 2722 ochko to‘pladi.
Eng katta o‘sishni Nodirbek Yoqubboyev qayd etdi – u 59-o‘rindan 45-pog‘onaga ko‘tarilib, 2681 ochko bilan tajribali Rustam Qosimjonovni (2675) ortda qoldirdi.
Shamsiddin Vohidov esa o‘z pozitsiyasini boy berib, 76-o‘rindan 83-pog‘onaga tushdi va 2645 ochko bilan qayd etildi.
Jamoaviy reytingda O‘zbekiston shaxmat federatsiyasi 2601 ochko bilan 13-o‘rinda turibdi.
Jahon shaxmatida esa norvegiyalik Magnus Karlsen 2839 ochko bilan yetakchilikni saqlab qoldi. Uning ortidan amerikalik shaxmatchilar – Hikaru Nakamura (2807) va Fabiano Karuana (2789) joylashdi.