Birjada AI-80 benzini savdosi to‘xtatildi

eʼlon qilindi
AI-92 benzini hajmlari keskin oshirilgan
Foto: Autonews.ru

2-sentabrdan boshlab AI-80 benzini birja savdolariga qo‘yilmaydi. O‘rniga AI-92 benzini taklifi oshirildi.

Ta’kidlanishicha, bu choralar 2025-yilgi davlat dasturi doirasidagi prezident farmoni ijrosi bilan bog‘liq. Shu sababli 2-sentabrdan AI-80 markali benzin birjada sotilmaydi.

AI-92 taklifi kengaytirildi

Kompaniya bayonotida aytilishicha, AI-92 benzini hajmlari keskin oshirilgan. Avval 1000 tonna hajmda birjaga qo‘yilgan bo‘lsa, hozir bu raqam 1720 tonnaga yetkazildi.

«Ichki bozor talabidan kelib chiqib, bu hajmni yanada oshirish imkoniyati bor», – deyiladi xabarda.

Avvalgi shartnomalar bajariladi

Shu bilan birga, avgust oyida tadbirkorlar xarid qilgan AI-80 benzini hajmlari sentabrda ham o‘z egalariga yetkazib beriladi. Yetkazib berish majburiyatlari va mavjud qoldiqlar to‘liq bajarilishi ta’kidlandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sentabrdan AI-80 benzinini ishlab chiqarish to‘xtatilishi haqida xabar bergan edi.

Yil boshida jamoatchilik muhokamasi uchun «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasi doirasida 2025-yilni «Atrof-muhitni asrash va «yashil» iqtisodiyot yili» sifatida belgilab, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan davlat dasturi boʻyicha prezident farmoni loyihasi e’lon qilingandi.

Farmonga koʻra, 2025-yil oxirigacha «Yevro-4» ekologik toifasidan past boʻlgan motor yonilgʻisidan foydalanish va sotishni cheklash, shuningdek, respublikaning barcha hududlarida joylashgan issiqlik va elektr energiyasi ishlab chiqarish korxonalariga yonilgʻi sifatida mazutdan foydalanish taqiqlanishi kutilayotgani ma’lum qilingandi.

So‘ng 30-yanvar kuni qabul qilingan prezident farmoniga ko‘ra, Oʻzbekistonda 2025-yil oxirigacha Ai-80 benzini savdosini bosqichma-bosqich cheklash bo‘yicha barcha kuch va resurslar safarbar etilishi topshirilgandi.

Ammo 2024-yil oktabr oyidagi prezident qarori bilan bu jarayonni to‘liq amalga oshirish 2028-yilgacha kechiktirildi. Bunga sabab sifatida Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilish uchun vaqt kerakligi ko‘rsatilgan.

Shuningdek