Dollar tushdi, uy-joy sotib olishda keshbek berilishi mumkin — 2-sentabrning muhim yangiliklari

37,8 so‘mga tushgan dollar, uy-joy savdosidagi keshbek, bir qismida harakat tiklanayotgan Shota Rustaveli, Xitoy bilan imzolangan hujjatlar, yarmini aholi qoplashi kutilayotgan loyihalar — Kursiv Uzbekistan 2-sentabrning muhim yangiliklarini bir joyga jamladi.
Shota Rustaveli ko‘chasining bir qismida yo‘l harakati 10-sentabrdan tiklanishi mumkin

Toshkent shahridagi Shota Rustaveli ko‘chasining Oybek metro bekatidan Birodarlik qabrlari yodgorligigacha bo‘lgan qismda asfalt-beton qoplamaning birinchi qatlami to‘liq yotqizildi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida qanday hujjatlar imzolandi

Pekin shahrida bo‘lib o‘tgan muzokaralar yakunida Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin bilan imzolangan ikki tomonlama hujjatlarni almashish marosimi o‘tkazildi. Unga ko‘ra, uchta bitim, 11 ta muhim kelishuvga erishildi.
Piskentdagi avtomobillar sinovi 2-sentabrdan to‘xtatildi

O‘zbekistonda avtomobillarni Piskent sinov majmuasida tekshirish amaliyoti shu yilning 2-sentabridan bekor qilindi. 2024-yil 1-noyabrdan boshlab mazkur majmuada avtotransport vositalari Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan texnik reglament asosida sinovdan o‘tkazilgan edi. Ushbu tartib respublikaga sifat kafolatiga ega bo‘lmagan mashinalarning olib kirilishini cheklash va yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida joriy etilgan.
Endi aholi tomonidan xarajatining yarimi qoplanadigan loyihalar avtomatik g‘olib bo‘ladi

2026-yil 1-fevraldan boshlab ijtimoiy ahamiyatga ega muhim loyihalarni aholi va davlat sheriklik asosida moliyalashtirish amaliyoti joriy etiladi. Agar aholi loyiha qiymatining 50 foizini o‘z xohishiga ko‘ra moliyalashtirsa, loyiha g‘olib deb topiladi. Bunda qolgan 50 foizi respublika budjetidan qoplanadi.
Kam Air va UzAirways hamkorlik bitimini imzoladi

Afg‘onistonning Kam Air aviakompaniyasi endilikda yo‘lovchilarini Toshkent orqali Yevropa, AQSh va boshqa davlatlarga tranzit parvozlar bilan yetkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Janubiy Koreyaning Mom’s Touch brendi yil oxirigacha O‘zbekistonda ilk filialini ochadi

Janubiy Koreyaning yirik fast-fud tarmog‘i Mom’s Touch O‘zbekistonda o‘zining ilk restoranini ochishga tayyorlanmoqda. Shartnomaga ko‘ra, Toshkentda yil oxirigacha birinchi restoran ish boshlaydi. Keyingi bosqichlarda esa respublika bo‘ylab filiallar soni 60 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Fond bozori: «Kvarts» aksiyalari qimmatlashdi, «Hamkorbank» aksiyalari tushishda davom etmoqda

«Toshkent» respublika fond birjasida (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 22-avgustdan 29-avgustgacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 3,04 foizga o‘sdi. Ushbu davrda «Kvarts» aksiyalari 5,35 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Chilonzor buyum savdo kompleksi» (+3,72%) va «O‘zbektelekom»ning oddiy (+1,87%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
Biroq «Hamkorbank» aksiyalari yana 14,21 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «O‘zbektelekom»ning imtiyozli (-6,65%) aksiyalari va «Ipak yo‘li» aksiyalari (-6,09%) ham pasayish bilan ajralib turdi.
Banklardagi mikroqarzlarning o‘rtacha foiz stavkasi yana pasaydi

Mamlakatdagi tijorat banklari tomonidan taqdim etilayotgan mikroqarzlar bo‘yicha o‘rtacha foiz stavkasi 0,2 foizga pasayib, 35,9 foizni tashkil etmoqda. Shundan jismoniy shaxslarga ajratilayotgan kreditlarning (mikroqarzlardan tashqari) o‘rtacha foiz stavkasi 24,1 foizni, yuridik shaxslar ulushi esa 23,1 foizni ko‘rsatmoqda.
3-sentabr uchun valyuta kurslari e’lon qilindi

Bugun, 3-sentabr kuni uchun dollar kursi 12 422,90 so‘mni (-37,8 so‘m)qayd etdi. Bu haqda Markaziy bank xabar bermoqda. Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, yevro 87,61 so‘mga tushib, 14 457,77 so‘mni, rubl esa 0,76 so‘mga tushib, 154,30 so‘mni tashkil qildi.
O‘zbekistonda uy-joy sotib olishda keshbek joriy etilishi mumkin

Endilikda uy-joy oldi-sotdisida yangi tartib, ya’ni keshbek tizimi joriy etishi mumkin. Bu haqda 29-avgust kuni Savdo-sanoat palatasi tomonidan qurilish sohasi vakillari bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ma’lum qilindi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobovning ta’kidlashicha, hozirda uy-joylarning atigi 10 foizi qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) bilan rasmiylashtiriladi, qolgan 90 foizi esa soliqsiz sotiladi.
Birjada AI-80 benzini savdosi to‘xtatildi

2-sentabrdan boshlab AI-80 benzini birja savdolariga qo‘yilmaydi. O‘rniga AI-92 benzini taklifi oshirildi.
Ta’kidlanishicha, bu choralar 2025-yilgi davlat dasturi doirasidagi prezident farmoni ijrosi bilan bog‘liq. Shu sababli 2-sentabrdan AI-80 markali benzin birjada sotilmaydi.