FIDE reytingi: Abdusattorov kuchli o‘nlikni tark etdi, Sindorov esa ko‘tarildi

2-sentabr 2025 12:58 eʼlon qilindi

Ahmad Muhammadov

Ahmad Muhammadov

Muxbir a.muhammadov@kursiv.media
Foto: chess.com

Jahon shaxmat federatsiyasi (FIDE) avgust oyining yakuniy reytingini eʼlon qildi. Kuchli 100 talik roʻyxatdan yana besh nafar oʻzbekistonlik grossmeyster joy oldi.

Norvegiyalik Magnus Karlsen 2839 ochko bilan reytingda birinchi oʻrinni saqlab qolmoqda. Amerikalik Hikaru Nakamura 2807 ochko bilan ikkinchi pogʻonada, yana bir AQSh vakili Fabiano Karuana esa 2789 ochko bilan kuchli uchlikni yakunlagan.

Foto: FIDE

Oʻzbekiston shaxmatining etakchisi Nodirbek Abdusattorov soʻnggi yangilanishda sezilarli pasayish qayd etdi. Iyul oyida 7-oʻrinda boʻlgan grossmeyster avgustda toʻrt pogʻona pastlab, 11-oʻringa tushib ketdi. Uning hisobida hozirda 2748 ochko bor (oʻtgan oyda — 2771 ochko).

Shu bilan birga, Javohir Sindorov reytingda oldinga qadam tashladi. Iyul oyida 25-oʻrinda turgan shaxmatchi avgust natijalariga koʻra 24-pogʻonaga koʻtarildi va 2722 ochkoga ega boʻldi.

Oʻzbekiston shaxmatida yangi kuch sifatida koʻtarilayotgan Nodirbek Yakubboyev ham reytingda sezilarli yuksalishga erishdi. Iyulda 59-oʻrinda boʻlgan grossmeyster 14 pogʻona yuqorilab, 45-oʻringa chiqdi (2681 ochko). Bu natija unga tajribali Rustam Qosimjonovni ortda qoldirish imkonini berdi. Qosimjonov avgust yakunida 2675 ochko bilan 46-oʻrinni egalladi.

Yana bir grossmeyster Shamsiddin Vohidov esa pasayish qayd etdi. U 2645 ochko bilan 83-oʻrinda qayd etilgan (avval 76-oʻrinda edi).

FIDE’ning jamoalar boʻyicha reytingida Oʻzbekiston shaxmat federatsiyasi 2601 ochko bilan 13-oʻrinni band etib turibdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Nodirbek Abdusattorov Esports World Cup Chess musobaqasini chorak finalda tark etgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek