
«Toshkent» respublika fond birjasida (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 22-avgustdan 29-avgustgacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 3,04 foizga o‘sdi.
Mazkur indeks bundan oldingi haftada 2,32 foizlik o‘sishni qayd etgandi. Shunga qaramasdan birjada ko‘plab aksiyalar narxi pasaydi, faqat ba’zilarida biroz o‘sish qayd etildi.
Xususan, «Kvarts» aksiyalari 5,35 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Chilonzor buyum savdo kompleksi» (+3,72%) va «O‘zbektelekom»ning oddiy (+1,87%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
Biroq «Hamkorbank» aksiyalari yana 14,21 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «O‘zbektelekom»ning imtiyozli (-6,65%) aksiyalari va «Ipak yo‘li» aksiyalari (-6,09%) ham pasayish bilan ajralib turdi.
Faqatgina «Ipoteka-bank», «Qo‘qon mexanika zavodi» aksiyalari, shuningdek, «Aloqabank»ning ham oddiy ham imtiyozli aksiyalari narxida o‘zgarish kuzatilmadi.

Ushbu davrda bitimlar soni bo‘yicha «O‘zsanoatqurilishbank» (5 695 ta), «Kapital sug‘urta» (2 092 ta) va «Hamkorbank» (788 ta bitim) peshqadam bo‘ldi.
Aksiyalar bozorida ushbu haftada hajm bo‘yicha esa «O‘zbektelekom» (443,34 mln so‘m) yetakchilik qildi. «Elektrqishloqqurilish» (441,93 mln so‘m) va «O‘zRTXB» aksiyalari (379,57 mln so‘m) yuqori uchlikdan joy oldi.
Yuqori likvidli aksiyalardan oltitasi haftani ijobiy, to‘rttasi o‘zgarishsiz, qolgan 13 tasi salbiy natija bilan yakunladi. Birjaviy savdolarning asosiy maydonchadagi umumiy hajmi 3,85 mlrd so‘m bo‘ldi.
«Toshkent» respublika fond birjasida (RFB) joy olgan yuqori likvidli aksiyalarning aksariyati 18-avgustdan 22-avgustgacha bo‘lgan davrda turli dinamikani ko‘rsatib, UCI fond indeksi 2,32 foizga oshgandi.
Ushbu davrda «O‘zbektelekom»ning imtiyozli va oddiy aksiyalari mos ravishda eng katta o‘sishga erishib, 6,29 va 5,18 foizga qimmatlashdi. Shuningdek, «Qo‘qon mexanika zavodi» (+2,94%) aksiyalarida ham o‘sish qayd etildi.
Biroq «Hamkorbank» aksiyalari 11,65 foizga arzonlashib, haftaning eng katta pasayishini qayd etdi. Bundan tashqari, «Kvarts» (-6,45%) va «Biokimyo» aksiyalari (-2,94%) ham pasayish bilan ajralib turdi.