iPhone 17 Pro Max videosi tarqaldi

Mashhur insayder Ice Universe o‘zining Weibo sahifasida iPhone 17 Pro Max’ga oid videoni e’lon qildi. Unga ko‘ra, yangi qurilma allaqachon do‘kon peshtaxtasida ko‘rinish bergan.
Rolikda tasvirlangan iPhone 17 Pro Max dizayni avvalgi ma’lumotlarga to‘liq mos keladi: orqa panelning deyarli butun kengligini egallagan yirik kamera bloki qurilmaning asosiy o‘zgarishi sifatida ajralib turibdi. Shu kabi yechim keyingi Samsung Galaxy S26 Ultra modelida ham qo‘llanilishi kutilmoqda. Bunday konstruksiya kameraga yirikroq sensorlar va obyektivlarni joylashtirish imkonini beradi.
Shuningdek, iPhone 17 liniyasi nafaqat yangilangan kameraga, balki takomillashtirilgan antennaga ega bo‘lishi haqida xabarlar tarqalmoqda. Bu esa 5G, LTE, Wi-Fi va Bluetooth aloqalarini ancha barqarorlashtirishi, shuningdek, tezlikni oshirishi kutilmoqda.
Apple kompaniyasi iPhone 17’ning rasmiy taqdimot sanasini allaqachon e’lon qilgan — marosim 9-sentabr kuni bo‘lib o‘tadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq iPhone 17 seriyasi alyuminiy hoshiya bilan taqdim etilishi haqida yozgan edik.