
Afg‘onistonning Kam Air aviakompaniyasi endilikda yo‘lovchilarini Toshkent orqali Yevropa, AQSh va boshqa davlatlarga tranzit parvozlar bilan yetkazish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Bu haqda TOLO News nashri xabar berdi.
Kam Air bosh direktori Jahed Azimi ma’lum qilishicha, uzoq muzokaralardan so‘ng kompaniya Uzbekistan Airways bilan interline bitimini imzoladi. Bu kelishuv afg‘on yo‘lovchilarga Kobuldan Toshkentga uchib kelib, u yerdan Uzbekistan Airways reyslari orqali eng qisqa yo‘l bilan xorijiy manzillarga borish imkonini beradi.
«Bu bitim yurtdoshlarimiz uchun katta qulaylik yaratadi. Endi ular Yevropa va AQShga borishda Toshkent orqali tez va qulay yo‘ldan foydalanishlari mumkin», dedi Azimi.
Iqtisodchi Muhammad Nabi Afg‘onning ta’kidlashicha, bunday bitimlar nafaqat yo‘lovchilarga qulaylik yaratadi, balki iqtisodiy rivojlanishga ham hissa qo‘shadi. Afg‘onlar xorijga safar qilganda arzonroq narxlarda manzillariga yetib olishlari mumkin bo‘ladi.
Afg‘oniston Transport va fuqaro aviatsiyasi vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, hozirda mamlakatda ikki mahalliy va yetti xorijiy aviakompaniya faoliyat yuritmoqda. Ular qo‘shni davlatlar, mintaqaviy markazlar hamda xalqaro yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshirmoqda.
Bundan avval UzAirways va China Southern Airlines o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolangandi.
Bu orqali tomonlar interlayn va kod-sher hamkorlik, yuk tashish xizmatlarini kengaytirish, qo‘shimcha servislarni joriy etish va yo‘lovchilarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvga erishdi. Bu esa ikki davlat o‘rtasida havo yo‘llarini integratsiyalash va «Havo Ipak yo‘li» konsepsiyasini amalda kengaytirish uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.