
Turk oshxonasi nafaqat o‘zining shirinliklari balki, xilma-xil taomlari bilan ham mashhur. Ayniqsa ushbu taomlarning tayyorlanish usullari noodatiyligi bilan ajralib turadi.
Kursiv Uzbekistan bugungi taomnomada turk oshxonasining qadimiy ovqatlaridan Beyti kebab qanday tayyorlanishini o‘rgatadi.
Mahsulot | Miqdori |
---|---|
Mol go‘shtidan qiyma | 400 g |
Lavash xamiri | 2 dona |
Piyoz | 1 bosh |
Petrushka yoki kashnich | 1 bog‘ |
Sarimsoq | 1 dona |
Pomidor pastasi | 1 osh qoshiq |
Pishloq | 100 g |
Smetana | 100 g |
Pomidor | 1 dona |
Suv | 100 ml |
Tuz va qora murch | Ta’bga ko‘ra |
Tayyorlash bosqichlari: qiyma tayyorlash
Piyoz va ko‘katlarni (kashnich yoki petrushka) mayda to‘g‘rab oling. Sarimsoqni ham maydalang. Barchasini qiyma ustiga solib, tuz va murch qo‘shing
Kabob yasash
Qiyma aralashmasidan kabob yasab, yog‘och cho‘pchalarga terib chiqing. 170 darajada qizdirilgan pechda 30 daqiqa davomida pishiring.
Pomidorli qayla tayyorlash
Pomidorni qirg‘ichdan chiqaring va qozonchaga soling. Pomidor pastasi va suv qo‘shib, o‘rtacha olovda 5–7 daqiqa qaynatib, biroz quyultiring.
Kabobni lavashga o‘rash
Pishgan kaboblarni cho‘pchalardan ajrating va lavashga o‘rab chiqing. So‘ngra 2–3 sm qalinlikda kesib, pech patnisiga terib chiqing.
Qayta pishirish
Ustidan tayyor pomidorli qaylani quying, maydalangan pishloqni sepib, yana 5 daqiqaga pechga qo‘ying.
Dasturxonga tortish
Beyti kebabni smetana va pomidorli qayla bilan issiq holda dasturxonga torting.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan qozon kabob qanday tayyorlanishi haqida yozgandi.