Yangiliklar

Namangan shahar hokimi «dom» qurish uchun 60 ming dollar pora olayotganda ushlandi

Zangiota tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi $40 ming bilan ushlandi
Foto: Davlat xavfsizlik xizmati

Namangan shahar hokimi Anvar Xojaxonovich Otaxo‘jayev va Zangiota tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi pora olayotgan paytida qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, Namangan shahar hokimi va MChJ rahbari tadbirkordan 35 sotix yer maydonida ko‘p qavatli uy qurish huquqi uchun $60 ming talab qilgan. MChJ rahbari pulni olgan, keyinchalik esa hokim devonxona mudiri orqali mablag‘ni qabul qilgan vaqtida ushbu shaxslar qo‘lga olingan.

Hokim deputatlik daxlsizligidan mahrum qilinib, hibsga olingan. Unga va MCHJ rahbariga bir nechta modda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Zangiota tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi bosh mutaxassisi davlat zaxirasidagi 8 sotix yerni tadbirkor nomiga rasmiylashtirish evaziga $40 ming so‘ragan. So‘ng mutasaddi $20 mingni olayotganida qo‘lga olingan. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hibsga olingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Forish tumani hokimi oʻrinbosari 20 ming dollar pora olayotganda ushlangani haqida yozgandi.