
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil avgustida iste’mol narxlari iyul oyiga nisbatan o‘rtacha 0,4 foizga oshdi. Yillik inflyatsiya darajasi esa 8,8 foizni tashkil etdi, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davrida qayd etilgan 10,5 foizdan past. Hududlar kesimida eng yuqori narxlar o‘sishi Farg‘ona viloyatida qayd etilib, 9,7 foizni ko‘rsatdi.
Oziq-ovqat mahsulotlari
Avgust oyida tuxum narxi 2,7 foiz, tovuq boldiri va soni 2,1 foiz, qo‘y go‘shti 1,4 foiz qimmatlashdi. Shuningdek, paxta moyi 1,6 foiz, shakar esa 0,1 foizga ko‘tarildi. Mol go‘shti narxi esa davlat tomonidan arzonlashtirilgan narxlarda sotilishi sabab oshmadi.
Shu bilan birga, ayrim mahsulotlar narxi pasaydi. Guruch, oliy navli bug‘doy noni va karamel konfet avgust oyida arzonlashgan mahsulotlar qatoridan joy oldi.
Meva-sabzavot bozorida keskin farqlar
Bozor segmentida eng katta o‘sish tarvuz narxida qayd etildi – oy davomida u 28,7 foizga qimmatlashdi. Qovun (11,7 foiz), karam (11,4 foiz) va kartoshka (3,5 foiz) ham ko‘tarildi. Banan narxi ham 2,8 foizga oshdi.
Biroq bir qator mahsulotlarda pasayish kuzatildi. Pomidor narxi 16,8 foizga, uzum 5,4 foizga, baqlajon 4,3 foizga, bodring va sabzi har biri 3,1 foizga, piyoz esa 2,3 foizga arzonlashdi.
Yonilg‘i va xizmatlar
Avgust oyida benzin narxi o‘rtacha 3,1 foizga oshdi. AI-80 markali benzin 4,6 foiz qimmatlab, litri 8746 so‘mni tashkil etdi. AI-92 esa 2,3 foizga ko‘tarilib, 11 126 so‘m bo‘ldi. Propan narxi 0,6 foizga oshgan bo‘lsa, metan narxi o‘tgan yilga nisbatan hanuz 31 foiz yuqori darajada qolmoqda.
Xizmatlar segmentida ham o‘sish kuzatildi: turarjoy ta’miri materiallari 0,4 foizga, sog‘liqni saqlash xizmatlari 0,6 foizga, haydovchilik kurslari esa 1,6 foizga qimmatlashdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatda ananas importi ikki baravarga oshgani haqida xabar bergan edi.