
O‘zbekiston 2025-yilning yanvar – iyun oylarida xorijga 130,6 ming tonna tarvuz eksport qildi. Eksport hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 52,7 ming tonnaga ko‘proq bo‘lib, umumiy qiymati $29,9 millionni tashkil etdi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi ma’lum qildi.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston tarvuzining eng katta xaridorlari — Rossiya (66 ming tonna), Qozog‘iston (44 ming tonna) va Qirg‘iziston (19 ming tonna) bo‘ldi. Shuningdek, Belarus (968 tonna), Mo‘g‘uliston (618 tonna), Latviya (76 tonna), Gruziya (66 tonna) va Polsha (61 tonna) bozorlariga ham yetkazib berildi. Boshqa davlatlarga esa jami 121 tonna mahsulot eksport qilindi.
Eksport hajmining o‘sishi ichki bozor narxlariga ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Statistika qo‘mitasining avgust oyidagi hisobotiga ko‘ra, tarvuz narxi oy davomida 28,7 foizga oshgan. Bu esa meva-sabzavot segmentida eng yuqori o‘sish qayd etilgan mahsulot bo‘ldi. Qovun (11,7 foiz), karam (11,4 foiz) va kartoshka (3,5 foiz) narxlari ham ko‘tarildi.
Boshqa tomondan, bir qator mahsulotlarda arzonlashish kuzatildi: pomidor 16,8 foizga, uzum 5,4 foizga, baqlajon 4,3 foizga, bodring va sabzi 3,1 foizga, piyoz esa 2,3 foizga tushdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan O‘zbekistonda poliz ekinlarini yetishtirish hajmi 8,3 foizga oshgani haqida xabar bergan edi.