
Hukumat qarori bilan «O‘zbekiston Respublikasida suv xo‘jaligi balanslarini tuzish tartibi to‘g‘risida»gi nizom tasdiqlandi.
Nizomda suv xo‘jaligi balanslari quyidagi turlarga ajratiladi:
- daryolar havzalari suv xo‘jaligi balanslari;
- irrigatsiya tizimlari havzalari suv xo‘jaligi balanslari;
- iqtisodiy hududlar suv xo‘jaligi balanslari;
- respublikaning yagona suv xo‘jaligi balansi.
Suv xo‘jaligi vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlar balanslarni tuzish, amalga oshirish va muvofiqlashtirish bo‘yicha vakolatli organ hisoblanadi.
Bundan tashqari, balanslarda mavjud suv resurslari, suvga bo‘lgan talab, taqsimot, resurslarning yetishmasligi yoki ortiqchaligi haqida ma’lumotlar aks etadi. Shuningdek, suv xo‘jaligi balanslari elektron shaklda yuritilib, maxsus ma’lumotlar bazasi shakllantirib boriladi.
Bundan avval Koreyaning K-water kompaniyasi O‘zbekistonda suv xo‘jaligini rivojlantirishga ko‘maklashishi ma’lum qilingandi. Kompaniya Jahon bankining O‘zbekistonda suv ta’minoti va kanalizatsiya xodimlarini o‘qitish bo‘yicha $400 minglik tenderida g‘olib chiqqan.
Yangi loyiha 17 oy davom etadi. Uning doirasida mutaxassislar tajribali murabbiylardan saboq olib, tajriba almashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Shuningdek, Janubiy Koreya kompaniyalari mahalliy bozorida faoliyat yuritishi mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, Abu-Dabining TAQA kompaniyasi turli mamlakatlar, jumladan, O‘zbekiston va Marokashdagi suv loyihalari uchun milliardlab dollar sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda.
Bu maqsad uchun kompaniya Ispaniyaning GS Inima kompaniyasini $1,2 milliardga sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi. TAQA mazkur kompaniyani suv ta’minoti va tozalash sohasida xalqaro kengayishning asosiy vositasiga aylantirmoqchi.