Pekin shahrida O‘zbekiston Turizm ofisi ish boshladi

2025-yil 1-sentabr kuni Xitoy poytaxti Pekinda O‘zbekiston Turizm ofisi ochildi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi xabar berdi.
Tadbir O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi oliy darajadagi uchrashuv doirasida o‘tkazilgan. Ochilish marosimida Turizm qo‘mitasi raisi Umid Shadiyev, xitoylik rasmiylar va yirik sayyohlik kompaniyalari vakillari qatnashdi. Ular yangi ofis ikki davlat turizm aloqalarini yanada mustahkamlashini, sayyohlik kompaniyalariga hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda yordam berishini ta’kidladi.




Yangi ofis xorijiy investorlar uchun ham imkoniyatlar yaratadi va turizm sohasida qo‘shma loyihalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yildan O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida 30 kunlik vizasiz rejim joriy etilgan. Shuningdek, mazkur davlat bilan haftasiga 50 dan ortiq aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, yaqin yillarda bu ko‘rsatkich 100 taga yetkazilishi rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston 2030-yilgacha Xitoydan keladigan sayyohlar sonini uch million nafarga yetkazishni maqsad qilgan. Pekindagi yangi Turizm ofisi esa bu yo‘ldagi muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi investitsiya portfeli bugungi kunga kelib $60 milliarddan oshdi.
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-avgust kuni Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Xitoyga jo‘nab ketgandi. Ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi muzokaralar yakunida jami uchta bitim, 11 ta kelishuvga erishilgan.