Yangiliklar

Piskentdagi avtomobillar sinovi 2-sentabrdan to‘xtatildi

Avtopoligondagi sinovlarga ehtiyoj qolmaganligi sababli
Avtomobil bozori
Foto: O‘ABU

O‘zbekistonda avtomobillarni Piskent sinov majmuasida tekshirish amaliyoti shu yilning 2-sentabridan bekor qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi xabar berdi.

Ma’lumot uchun, 2024-yil 1-noyabrdan boshlab mazkur majmuada avtotransport vositalari Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan texnik reglament asosida sinovdan o‘tkazilgan edi. Ushbu tartib respublikaga sifat kafolatiga ega bo‘lmagan mashinalarning olib kirilishini cheklash va yo‘llarda xavfsizlikni ta’minlash maqsadida joriy etilgan.

Ammo tahlillar shuni ko‘rsatdiki, reglamentga muvofiqligi ma’qullanmagan yengil avtomobillar import qilinishi sababli ularni birma-bir sinovdan o‘tkazishga to‘g‘ri kelgan. O‘sha davrda respublikada atigi uchta dilerlik markazi faoliyat yuritib, faqat 15 ta model uchun turini ma’qullash hujjati mavjud edi.

Bugunga kelib esa 21 ta xorijiy kompaniyaning rasmiy dilerlari faoliyat boshladi, 100 dan ortiq avtomobil rusumlariga turini ma’qullash hujjati rasmiylashtirildi. Natijada iste’molchilar rasmiy dilerlardan kafolatli va xavfsiz avtomobillarni sotib olish imkoniga ega bo‘ldi.

Shu sababli Piskent avtopoligonidagi sinovlarga ehtiyoj qolmagan va amaliyot to‘xtatilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan poligonda avtomobillar tekshiruvi davom etayotgani haqida yozgandi.