Yangiliklar

Prezident Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila munosabati bilan hamdardlik bildirdi

Zilzila oqibatida mingga yaqin odamlar halok bo‘ldi
Prezident Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila munosabati bilan hamdardlik bildirdi / Foto: Al Jazeera

Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonning Kunar va Nangarhor viloyatlarida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jarohatlangani munosabati bilan mamlakat rahbariyatiga chuqur hamdardlik bildirdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot kotibi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, Mirziyoyev marhumlarning oila a’zolariga sabr-toqat, jarohatlanganlarga esa tezroq sog‘ayib ketishlarini tilab, o‘zbekistonliklar nomidan dardkashlik izhor etdi.

Shuningdek, prezident tabiiy ofat oqibatlarini bartaraf etishda qo‘shni va birodar Afg‘oniston xalqiga zarur yordam ko‘rsatishga O‘zbekiston doimo tayyor ekanini ta’kidladi.

Eslatib o‘tamiz, 31-avgust kuni Afg‘onistonda sodir bo‘lgan 6,0 magnitudali zilzila oqibatida qariyb 800 kishi halok bo‘ldi. Shuningdek, yana 2,8 mingdan ortiq fuqarolar turli jarohatlar olgan.