Prezident Xitoyning yetakchi energetika va yadro kompaniyalari bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi

Pekin shahriga tashrifi doirasida Shavkat Mirziyoyev qator yirik Xitoy kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, Mirziyoyev «China National Petroleum Corporation» (CNPC) direktorlar kengashi raisi Day Xoulyan bilan muzokara olib bordi. CNPC dunyoning eng yirik energetika kompaniyalaridan biri bo‘lib, O‘zbekistonga kiritilgan investitsiyalar hajmi $5 mlrddan oshgani qayd etildi. Uchrashuvda gaz saqlash inshootlari qurish, infratuzilmani modernizatsiya qilish va innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, davlat yetakchisi «China National Nuclear Corporation» (CNNC) raisi Shen Yanfen bilan muloqot qildi. Atom sanoatining 70-yilligi bilan korporatsiya jamoasi tabriklandi. Muzokaralarda uran konlarini o‘zlashtirish, geologiya-qidiruv ishlari va tinch atom sohasida hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, prezident «Henan Investment Group» bosh direktori Chju Xunbin bilan ham uchrashuv o‘tkazdi. Energetika va infratuzilma sohasidagi loyihalar, jumladan, zamonaviy elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlari hamda chiqindilardan toza energiya ishlab chiqarish bo‘yicha kooperatsiya masalalari muhokama etildi. Davlat rahbari loyihalarni o‘z vaqtida amalga oshirish uchun alohida «Yo‘l xaritasi» ishlab chiqishni topshirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham Shavkat Mirziyoyev Xitoyning yetakchi kompaniya rahbarlari bilan uchrashgan edi.