
Prezident Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent tayyorlash markaziga rahbar va o‘rinbosarlar tayinlandi. Bu haqda Prezident Administratsiyasi farmoyishi qabul qilindi.
Unga ko‘ra, Qobuljon Xoliqovich Ahmedov Prezident Administratsiyasi huzuridagi OAV uchun kontent tayyorlash markazi direktori etib tayinlandi. Tayinlovga qadar u avval MY5 telekanali bosh direktori, so‘ngra MTRK «Yoshlar» ijodiy birlashmasi direktori lavozimida faoliyat yuritgan.
Shuningdek, Husan Ravshanovich Salixov mazkur markaz direktori o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Salixov taniqli rejissyor, tayinlovga qadar prezident Matbuot xizmati Media markaziga rahbarlik qilgan.
Shu bilan birga, Jahongir Muhammadali o‘g‘li Abdurahmonov ham markaz direktori o‘rinbosari sifatida ish boshladi. U prezident Matbuot xizmatida bosh konsultant bo‘lgan, undan oldin UZREPORT telekanalida shef-muharrir sifatida ishlagan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan tugatilgan AOKA vazifalari «O‘zkomnazorat» inspeksiyasiga o‘tkazilgani haqida yozgandi.