Shavkat Mirziyoyev Xitoyning yetakchi kompaniya rahbarlari bilan uchrashdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga rasmiy tashrifi doirasida ushbu mamlakatning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Tadbirda China Gold, China Coal Resources, China Datang Corporation, Tianjin Rail Transit Group, Poly Changda, Tianjin Urban Construction, Jinchuan Group, China Synfuels, ST Wonderful, Mizuda, World Agriculture, Dongzhu Ecology va boshqa kompaniyalar ishtirok etdi.
Davlat rahbari Xitoy biznesining O‘zbekistonga qiziqishi yuksak ekanini ta’kidladi. O‘tgan yilning o‘zida ikki davlat o‘rtasidagi investitsiyalar hajmi $10 milliarddan oshgan. Shuningdek, uchrashuvlarda energetika, geologiya, qishloq va suv xo‘jaligi, kimyo, zargarlik sanoati, jamoat transporti va turizm kabi sohalarda hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Bundan tashqari, prezident Pekinda China National Building Materials (CNBM) kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Chjou Yuysyanni qabul qildi. CNBM qurilish materiallari ishlab chiqarish va qayta tiklanuvchi energetika bo‘yicha dunyoning eng yirik konglomeratlaridan biri sanaladi.
Uchrashuvda nasos stansiyalarini modernizatsiya qilish, shamol va quyosh elektr stansiyalari, energiya saqlash tizimlari, shuningdek, muqobil energiya obyektlari uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish bo‘yicha loyihalar muhokama qilindi.
Shu bilan birga, CNBM kompaniyasining O‘zbekiston sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirish dasturida ishtiroki alohida qayd etildi. Erishilgan kelishuvlarni tezkor amalga oshirish uchun mutasaddilarga maxsus «yo‘l xaritasi» ishlab chiqish topshirildi.
Bundan avval O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida uchta bitim imzolanib, 11 ta kelishuvga erishilgandi. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-avgust kuni Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin taklifiga binoan rasmiy tashrif bilan Xitoyga jo‘nab ketdi.
31-avgust kuni davlat rahbari rafiqasi bilan birga Tyanszin shahridagi «Meyszyan» kongress markazida Shanxay hamkorlik tashkiloti sammitining norasmiy tadbirlarida qatnashdi.
1-sentabr kuni esa prezident Shanxay hamkorlik tashkiloti (ShHT) Davlat rahbarlari kengashi majlisida va ShHT plus formatidagi yig‘ilishda nutq so‘zladi. Shuningdek, Mirziyoyev boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin bilan muzokaralar o‘tkazdi.