Shota Rustaveli ko‘chasining bir qismida yo‘l harakati 10-sentabrdan tiklanishi mumkin

Toshkent shahridagi Shota Rustaveli ko‘chasining Oybek metro bekatidan Birodarlik qabrlari yodgorligigacha bo‘lgan qismda asfalt-beton qoplamaning birinchi qatlami to‘liq yotqizildi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, yangi qatlam hozirda tabiiy texnik jarayonlardan, ya’ni zichlanish va cho‘kishdan o‘tmoqda. Mazkur bosqich kelajakdagi yo‘l qoplamasining mustahkamligi hamda uzoq muddat xizmat qilishini ta’minlaydi. Jarayon tugagach ikkinchi qatlam asfalt yotqizilishi rejalashtirilgan.

Transport vositalari harakati 10-sentabrgacha birinchi qatlam bo‘ylab tiklanishi kutilmoqda. Shuningdek, hududda zamonaviy intellektual boshqaruv tizimiga ega svetofor majmualari o‘rnatilmoqda. Kommunal xizmatlar esa keyinchalik yo‘lga qayta aralashuv bo‘lmasligi uchun barcha zarur ishlarni bir vaqtning o‘zida amalga oshirmoqda.
Birodarlik qabrlari yodgorligidan O‘zgarish ko‘prigi tomon bo‘lgan hududda ham faol ishlar davom etmoqda. Bu qismda drenaj tizimlari o‘rnatilmoqda. Suv chiqarish lotoklari yotqizilib, veloyo‘lak va jamoat transporti uchun alohida yo‘lak barpo etilmoqda.
Shota Rustaveli ko‘chasidagi ta’mirlash ishlari haqida
Dastlab, 2024-yilning yanvar oyida shaharshunos Iskandar Soliyev poytaxtning Shota Rustaveli ko‘chasini rekonstruksiya qilish bo‘yicha tajriba loyihasining konseptual dizaynini namoyish qilgandi. Oʻzgartirishlarga koʻra, Grand Mir mehmonxonasidagi aylanma yoʻlni olib tashlash va uning oʻrniga X shaklidagi koʻchalar chorrahasini tashkil qilish rejalashtirilgan.
Shuningdek, ijtimoiy tarmoqlarda ushbu ko‘cha rekonstruksiyasiga $198 million sarflanishi haqida xabarlar tarqalgandi. Toshkent shahar hokimligi ushbu ma’lumotlar bo‘yicha munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, $198 million – bu faqat Shota Rustaveli ko‘chasi emas, balki poytaxtning 200 kilometrga yaqin yo‘l infratuzilmasini bosqichma-bosqich rekonstruksiya va modernizatsiya qilish uchun ajratilgan dastlabki umumiy hisob-kitob. Loyihaning yakuniy narxi bajarilgan real ishlar asosida shakllantiriladi.
Shu bilan birga, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida $300 million miqdorida investitsiya jalb qilinganini tasdiqlagan. Bu mablag‘lar yo‘l qurilishi, Shota Rustaveli ko‘chasini to‘liq rekonstruksiya qilish hamda to‘rtta yerusti va yerosti yo‘l o‘tkazgichlarini qurishga yo‘naltiriladi.