Yangiliklar

Ukrainada yerosti maktablari faoliyat boshladi

Kelasi yilda yana uchta yangi maktab foydalanishga topshiriladi
Ukrainada o‘quvchilar yer osti yo‘llarida maktabga qatnay boshladi / Foto: Marko Djurica / Reuters

Ukrainaning Xarkov shahrida xavfsizlikni ta’minlash maqsadida 17 mingga yaqin o‘quvchilar uchun yerosti maktablari tashkil etildi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Hozirgi kunda shahar bo‘ylab yettita yerosti maktabi faoliyat yuritmoqda. Ushbu maskanlarda boshlang‘ich va yuqori sinf o‘quvchilari uchun to‘liq jihozlangan sinfxonalar mavjud.

Xarkov meri Igor Terexovning ma’lum qilishicha, kelasi yilda yana uchta yangi maktab foydalanishga topshiriladi. Shuningdek, shahar metrosining olti bekati ham ta’lim maskanlariga aylantirilgan.

Rasmiylarning ta’kidlashicha, yerostida joylashgan mazkur maktablar bolalarning xavfsizligi uchun zaruriy chora bo‘lib, ularning normal hayot kechirishiga ko‘mak bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyda Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy bilan uchrashgani haqida yozgan edik.