Afg‘onistonda zilzila qurbonlari uchun oziq-ovqat zaxiralari tugab bormoqda — BMT

eʼlon qilindi
Qurbonlar soni 1457 taga yetdi
Afg‘onistonda zilzila qurbonlari uchun oziq-ovqat zaxiralari tugab bormoqda — BMT / Foto: Sayyed Hassib / Reuters

Afg‘onistonning sharqiy viloyatlarida kuchli zilzilalardan jabrlangan aholiga yordam sifatida yuborilgan oziq-ovqat zaxiralari tez orada tugashi mumkin. BMT Jahon oziq-ovqat dasturi (WFP) mamlakatdagi zaxira atigi to‘rt haftaga yetishini ma’lum qildi, deya yozmoqda Reuters agentligi.

Unga ko‘ra, mablag‘ yetishmovchiligi tufayli yordam kamaymoqda. Afg‘onistonning sharqiy viloyatlarida so‘nggi kunlarda yuz bergan kuchli zilzilalar oqibatida 1457 kishi halok bo‘ldi, 3394 nafari jarohat oldi va 6700 dan ortiq uylar vayron bo‘ldi.

Qutqaruv ishlari davom etmoqda. Vertolyot qo‘nishi mumkin bo‘lmagan hududlarga komando kuchlari havo orqali tushirilmoqda. Ular vayronalar ostida qolganlarni qutqarishga yordam bermoqda.

Mahalliy aholi ayrim qishloqlarda butun oilalar yo‘q bo‘lib ketganini aytmoqda. Qutqaruvchilar jasadlarni qabrga qo‘yayotgan, tirik qolganlar esa yordam kutmoqda. Afg‘oniston zilzilalarga juda zaif hududda joylashganini, vaziyat yanada og‘irlashishi mumkinligi ham ta’kidlanmoqda.

Eslatib o‘tamiz, BMTning Qochqinlar bo‘yicha agentligi (UNHCR) Afg‘onistonda yuz bergan halokatli zilziladan so‘ng gumanitar yordam jo‘natishni boshladi. Kobul va Termizdagi omborlardan chodir, ko‘rpa-to‘shak va quyosh lampalari kabi zarur buyumlar yuborilmoqda.

Shuningdek