Agrotexnikalarni xarid qilish uchun subsidiyaga onlayn ariza topshirish imkoniyati yaratildi

Qishloq xo‘jaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregati qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish tartibi belgilandi. Bu haqda Hukumat qarori qabul qilindi.
Endilikda subsidiya olish jarayoni to‘liq Subsidiya.mf.uz portali orqali amalga oshiriladi. Xaridor subsidiya uchun ariza topshirish maqsadida portalda One ID yoki elektron raqamli imzo (ERI) orqali ro‘yxatdan o‘tishi lozim.
Qarorga muvofiq, Qishloq xo‘jaligini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi huzurida maxsus komissiya tashkil etiladi. U portal orqali kelib tushgan ariza va hujjatlarni 5 ish kuni ichida ko‘rib chiqadi. Xaridor esa arizasining natijasini, ya’ni subsidiya ajratilgani yoki rad etilgani haqida portaldan xabardor bo‘ladi.
Subsidiya miqdori texnikaning turiga qarab belgilanadi:
- qishloq xo‘jaligi texnikasining qiymatidan 15 foiz,
- lazerli yer tekislagich agregati qiymatidan esa 30 foiz miqdorda qoplab beriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan qishloq xo‘jaligida dron xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari kengaytirilgani haqida yozgandi.