Alif Uzbekistan yangi bank ochishga tayyorgarlik ko‘rmoqda

O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan fintech kompaniyasi Alif Uzbekistan mamlakatda bank litsenziyasi olish uchun hujjatlarni tayyorlamoqda. Kompaniya matbuot xizmatining Kursiv Uzbekistan’ga ma’lum qilishicha, zaruriy hujjatlar tez orada Markaziy bankka topshiriladi.
Buyuk Britaniyada ro‘yxatdan o‘tgan Alif Capital Holdings Limited direktorlar kengashi O‘zbekistonda yangi bank tuzilmasini tashkil etishni ma’qullagan. Kompaniya maqsadi kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlaydigan moliyaviy xizmatlarni kengaytirishdan iborat.
Shu bilan birga, Alif Uzbekistan yirik investitsiyalarni jalb qilgani va yangi bankni yaratish bo‘yicha faol harakat qilayotganini ham bildirgan. Bu tashabbus mamlakatda so‘nggi yillarda yangi banklar soni oshmagan bir paytda amalga oshirilmoqda.
Ma’lumot uchun, Alif kompaniyasi 2014-yilda Tojikistonda tashkil etilgan bo‘lib, 2019-yildan O‘zbekiston bozorida faoliyat yuritmoqda. Dastlab u Alif Shop internet marketpleysini ishga tushirgan, keyinchalik esa alif.mobi to‘lov xizmati va elektron pul tizimini yaratgan.
Shuningdek, kompaniya Islom taraqqiyot banki guruhining bir qismi boʻlgan Xalqaro Islom savdo-moliya korporatsiyasidan (ITFC) $3 million miqdorida investitsiya jalb qildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Alif sukuk islom obligatsiyalarini muvaffaqiyatli joylashtirganini e’lon qildi. $50 mlnlik dastur doirasida birinchi mablag‘ ajratilishi $5 mlnni tashkil etgani haqida yozgan edik.