BMT Termiz orqali Afg‘onistonga yordam yuklarini yubormoqda

BMTning Qochqinlar bo‘yicha agentligi (UNHCR) Afg‘onistonda yuz bergan halokatli zilziladan so‘ng gumanitar yordam jo‘natishni boshladi. Kobul va Termizdagi omborlardan chodir, ko‘rpa-to‘shak va quyosh lampalari kabi zarur buyumlar yuborilmoqda. Bu haqda The Times of Central Asia xabar berdi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, Termiz shahri xalqaro gumanitar yordam uchun muhim logistika markaziga aylanmoqda. O‘zbekiston rasmiylari ham Afg‘oniston bilan birdamlik izhor qilib, yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi. Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov qardosh xalq bilan birdamlikni alohida ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, zilzila oqibatida Afg‘onistonning Jalolobod shahri yaqinida og‘ir talafot kuzatildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 1 411 kishi halok bo‘lgan, 3 mingdan ortiq odam jarohatlangan, 5 mingdan ziyod uy vayron bo‘lgan. Hozirda qutqaruv ishlari davom etmoqda, ayrim chekka hududlarga desantlar tushirilmoqda.
Esatib o‘tamiz, avvalroq Shavkat Mirziyoyev Afg‘onistonning Kunar va Nangarhor viloyatlarida yuz bergan kuchli zilzila oqibatida ko‘plab insonlar halok bo‘lgani va jarohatlangani munosabati bilan mamlakat rahbariyatiga chuqur hamdardlik bildirgan edi.