Google AQSh sudida og‘ir sanksiyalardan qutulib qoldi

eʼlon qilindi
Google Apple bilan tuzgan hamkorlik shartnomasi ham kuchda qoladi
Google
Foto: David Paul Morris/Bloomberg/Getty Images

AQSh Federal sudi Google kompaniyasi ustidan olib borilgan monopoliyaga qarshi ish bo‘yicha qaror chiqardi. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.

Sud qaroriga ko‘ra, kompaniya olti yil davomida Microsoft, DuckDuckGo, OpenAI va Perplexity kabi raqobatchilarga o‘z qidiruv ma’lumotlarini taqdim etishi shart bo‘ladi. Shuningdek, Google’ga eksklyuziv shartnomalar tuzish taqiqlandi.

Biroq kompaniya eng keskin choradan qutulib qoldi. Ya’ni sudya Amit Meta AQSh Adliya vazirligining Chrome brauzeri va Android tizimini sotish haqidagi talabini rad etdi. Bundan tashqari, Google Apple bilan tuzgan hamkorlik shartnomasi ham kuchda qoladi. Unga ko‘ra, kompaniya yiliga $20 milliarddan ortiq to‘lov evaziga Apple qurilmalarida asosiy qidiruv tizimi maqomini saqlab qoladi.

Wall Street tahlilchilari buni Google va Apple uchun katta g‘alaba sifatida baholashdi. Ularning ta’kidlashicha, qaror ikki kompaniya o‘rtasidagi sun’iy intellekt sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash imkonini beradi. Apple yaqinda OpenAI bilan iOS tizimiga ChatGPT’ni integratsiya qilish bo‘yicha kelishgan, shuningdek, Google’ning Gemini modeli yuzasidan ham muzokaralar olib borgan.

Sud qaroridan so‘ng Alphabet aksiyalari 8,7 foizga, Apple aksiyalari esa 4,3 foizga oshdi.

Google’ga qarshi antimonopoliya ishi 2023-yil sentabrida boshlangandi. O‘tgan yili sud kompaniyani qidiruv bozorida ustunlikdan foydalanib, raqobatni cheklashda aybdor deb topgan. Bahorgi tinglovlarda Google hukumatning Chrome va Android’ni sotish haqidagi takliflarini «ortiqcha radikal» deb atagan va bu choralar iste’molchilarga hamda AQSh texnologik yetakchiligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlagan.

Google bilan bog‘liq jarayonlar

Shu yilning aprel oyida kompaniya AQShda monopoliya sifatida tan olindi. Qoʻshma Shtatlar sudi Google kompaniyasining reklama tarqatishdagi yondashuvlari monopoliyaga qarshi qonunlarni buzganligini aniqlagan.

Ma’lum boʻlishicha, oʻn yildan ortiq vaqt davomida Google reklama sohasida oʻzining monopoliyasini oʻrnatgan va raqobatchilarni cheklab kelgan.

Iyul oyida esa kompaniya $314 million jarimaga tortilgandi. Kaliforniya sudi fuqarolarning ma’lumotlarini noqonuniy yig‘gani uchun kompaniyaga jarima soldi. 

Unga ko‘ra, Google Android qurilmalari foydalanuvchilaridan Wi-Fi tarmog‘iga ulanmagan vaqtda ham ma’lumotlarni yig‘ib kelgan. Ushbu ma’lumotlar kompaniya serverlariga yuborilgan. Ma’lumotlar yig‘ish jarayonida foydalanuvchilarning mobil internet trafiklari sarflangan. Ya’ni kompaniya mijozlarining pullari hisobidan ma’lumotlarni yig‘gan.

Shuningdek