
Hyundai kompaniyasi Chengdu avtosalonida yangi Hyundai Elantra N TCR Edition modelini taqdim etdi. Avtomobil 2025-yil sentabr oyida savdoga chiqariladi, ishlab chiqarish hajmi esa atigi 200 dona bilan chegaralanadi. Bu haqda ITHome xabar berdi.
Modelning asosiy o‘ziga xosligi — karbondan tayyorlangan sozlanadigan orqa antiqanot, u maksimal bosim kuchini ta’minlaydi. Mashina, shuningdek, eksklyuziv 19 dyuymli g‘ildirak disklari, kuchaytirilgan tormoz tizimi va yirik disklar bilan jihozlangan.
Salon sport uslubini aks ettiradi: alcantara bilan qoplangan rul va «kovsh» tipidagi sport o‘rindiqlar o‘rnatilgan. Kapot ostida esa 2,0 litrli, 280 ot kuchiga ega turbomotor joylashgan bo‘lib, u robotlashtirilgan uzatmalar qutisi bilan birga ishlaydi.

Model narxi hozircha oshkor qilinmagan.
Ma’lumot uchun, Hyundai Elantra — o‘rta sinf sedani bo‘lib, yonilg‘i tejamkorligi, ishonchliligi va qulay narxi bilan mashhur. So‘nggi avlod Elantra aerodinamik tashqi ko‘rinishi, keng saloni va xavfsizlik tizimlari bilan ajralib turadi. Model turli dvigatel variantlari, jumladan, benzin va gibrid versiyalarda taqdim etiladi. Shuningdek, sport uslubini afzal ko‘ruvchilar uchun N liniyasi ham ishlab chiqarilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Hyundai Tucson va Santa Fe 2026 yangilangani haqida yozgan edi.
Endi ikkala avtomobil ham Digital Key 2 tizimiga ega bo‘lib, haydovchilar mashinani iPhone yoki Apple Watch orqali ochib-yopishi mumkin. Hyundai Tucson yangilangan ko‘rinishda Avstraliya bozoriga chiqdi.