Jizzaxda 400 million dollarlik O‘zbekiston-Xitoy innovatsion markazi quriladi

eʼlon qilindi
Markazning birinchi bosqichi 2026-yil boshida 30 gektar maydonda qurilishi rejalashtirilgan
Jizzaxda 400 million dollarlik O‘zbekiston –Xitoy innovatsion markazi quriladi. Foto: news post

Jizzaxda $400 millionlik O‘zbekiston-Xitoy innovatsion markazi quriladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lum qildi.

Davlat rahbarining Xitoyga tashrifi doirasida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xitoyning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi.

Unga ko‘ra, vazir avval China Broad Future Tobacco International Import and Export Trading Co. Ltd kompaniyasi bosh ijrochi direktori Fu Bo bilan uchrashdi. Tomonlar yaqinda imzolangan hamkorlik memorandumi doirasida amalga oshiriladigan loyihalar yuzasidan fikr almashdi. Xorazm, Samarqand va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati uch ming tonna bo‘lgan tamaki mahsulotlarini yetishtirish va qayta ishlash zavodi qurilishi ko‘rib chiqildi. Loyihaga $150 million miqdorida sarmoya kiritilishi rejalashtirilgan.

Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi

Shuningdek, 2025-yilda dastlabki ishlab chiqarish bosqichi yo‘lga qo‘yilishi, 2026-yil boshida esa 30 gektar maydonda zavod qurilishi boshlanishi belgilandi. Uchta viloyatda fermerlar bilan hamkorlikda 2000 gektarlik ekin maydoni tashkil etiladi.

Bundan tashqari, vazir Jiangsu World Agricultural Machinery kompaniyasi rahbari Chju Linjun va Aladdin Holdings Group kompaniyasi raisi Yang Jen Tsyan bilan ham muzokaralar olib bordi. Tomonlar Qashqadaryo viloyatida paxta terish kombaynlari va boshqa qishloq xo‘jaligi texnikalarini ishlab chiqarish va yig‘ish zavodi qurish, shuningdek, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi 30 ming gektarlik dalalarda yuqori hosildor paxta yetishtirish loyihasini amalga oshirish masalalarini muhokama qildi.

Shu bilan birga, Jizzax viloyatida umumiy qiymati $400 millionga teng bo‘lgan O‘zbekiston–Xitoy innovatsion markazini qurishga kelishib olindi. Ushbu majmua qishloq xo‘jaligi va madaniy-turistik sohalarni rivojlantirishga xizmat qiladi. Markazning birinchi bosqichi 2026-yil boshida 30 gektar maydonda qurilishi rejalashtirilgan.

Tomonlar kelishilgan loyihalarni o‘z vaqtida va samarali amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirishga kelishib oldi.

Bundan avval Sirdaryo tumanida «Peng Sheng Wenren Zhigu» innovatsion klasteri qurilishining poydevori qo‘yilgandi. Yangi klaster 70 gektar maydonda joylashadi. Bu yerda polietilen quvurlar va keramika sanitariya buyumlari ishlab chiqarish korxonalari, urug‘chilik agrokompleksi, shuningdek, urug‘ sifatini nazorat qilish uchun molekulyar-genetik laboratoriya faoliyat yuritadi.

Shuningdek