
Haftani turk oshxonasining xilma-xil taomlari bilan davom ettiring. Kursiv Uzbekistan bugungi dasturxoningizga o‘zgachalik bag‘ishlash uchun uy sharoitida laxmadjun tayyorlashni o‘rgatadi.
– | Mahsulot | Miqdori |
---|---|---|
Xamir uchun | Iliq suv | 130 ml |
Zaytun moyi | 3 osh qoshiq | |
Shakar | 1 osh qoshiq | |
Quruq xamirturush | 5 g | |
Un | 280 g | |
Tuz | 1 choy qoshiq | |
Nachinka uchun | Mol go‘shtidan qiyma | 250 g |
Piyoz | 100 g | |
Bulg‘or qalampiri (har xil rangli) | 2 dona | |
Pomidor | 1 dona | |
Pomidor pastasi | 1 osh qoshiq | |
Ko‘k piyoz | 1 bog‘ | |
Ukrop va petrushka | 0,5 bog‘ | |
Sarimsoqpiyoz | 1 tishcha | |
Zaytun moyi | 2 osh qoshiq | |
Tuz va murch | Ta’bga ko‘ra |
Tayyorlash bosqichlari: xamirni tayyorlash
Un solingan idishga quruq xamirturush, shakar va tuzni qo‘shib aralashtiring. Ustiga zaytun moyi va iliq suv qo‘shib, yumshoq xamir qorib oling. Ustini yopishqoq plyonka bilan yopib, 30 daqiqaga issiq joyda tindirib qo‘ying.
Sabzavotlarni maydalash
Blender yordamida pomidor, piyoz va bulg‘or qalampirini maydalab, bir xil suyuq massa hosil qiling.
Nachinka tayyorlash
Hosil bo‘lgan sabzavotli massaga mol go‘shti qiymasini qo‘shing. Ustiga pomidor pastasi, maydalangan sarimsoq, mayda to‘g‘ralgan ko‘k piyoz, ukrop va petrushka qo‘shib, yaxshilab aralashtiring. Tuz va murch bilan ta’mni muvozanatlashtiring.
Xamirni bo‘lish va yoyish
Oshgan xamirni 4–5 bo‘lakka ajrating va har birini dumaloqlang. Un sepilgan stol ustida 0,5 sm qalinlikda yoyib chiqing.
Pishirishga tayyorlash
Yoyilgan xamirlarni pergament qog‘ozi solingan patnisga joylashtiring. Har birining ustiga 4–5 osh qoshiq tayyorlangan go‘shtli nachinkadan yoyib chiqing.
Pishirish
Oldindan 230 daraja haroratda qizdirilgan pechga yuboring. Laxmadjunlarni 10–15 daqiqa davomida pishiring.
Dasturxonga tortish
Tayyor bo‘lgan laxmadjunlarni issiq holda, turli qaylalar (masalan, achchiq pomidor sousi) bilan dasturxonga torting.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan turkcha Beyti kebab qanday tayyorlanishi haqida yozgandi.