Kim Chen Inning qizi ilk xorijiy tashrifda ko‘rinish berdi

Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Pekinga kelganida uning qizi Kim Ju Ae ham ilk bor xorijiy sahnada paydo bo‘ldi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.
Bu uning xalqaro maydondagi birinchi chiqishi bo‘lib, Xitoy raisi Si Szinpin va Rossiya prezidenti Vladimir Putin ishtirok etgan paradda alohida ahamiyat kasb etdi.
Kim Ju Ae avvalroq 2022-yilda qit’alararo ballistik raketa sinovida otasi bilan ilk bor ko‘ringan va shundan so‘ng harbiy tadbirlarda muntazam ravishda qatnasha boshlagan edi. Uning bunday tadbirlarda ishtiroki Shimoliy Koreya qudratini merosiy boshqaruv bilan bog‘lash ramzi sifatida talqin qilinmoqda.

Mutaxassislar fikricha, bu Kimning qizini bo‘lajak voris sifatida tayyorlash jarayoni bo‘lishi mumkin. Boshqalar esa bu oddiy PR qadam, ya’ni Kim Chen Inni «mehribon ota» sifatida ko‘rsatish usuli deb baholamoqda.
Ma’lumot uchun, Shimoliy Koreyada hokimiyat 1948-yildan buyon Kimlar sulolasi tomonidan boshqarilmoqda. Shu sababli Kim Ju Aening siyosiy kelajagi nafaqat mamlakat ichida, balki xalqaro hamjamiyatda ham katta qiziqish uyg‘otmoqda.