Oltin narxi yangi rekord darajaga yetdi

eʼlon qilindi
Bir troya unsiyasi uchun $3535,33 ga
Oltin narxi rekordni yangiladi. Foto: sweet_tomato / depositphotos.com

3-sentabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 14:54 holatiga ko‘ra, jahon bozorida oltinning spot narxi tarixiy eng yuqori ko‘rsatkichni yangilab, bir troya unsiyasi uchun $3535,33 ga yetdi.

Qimmatbaho metall bir kunda taxminan 1,5 foizga oshdi, yil boshidan beri esa uchdan bir qismidan ko‘proqqa qimmatlashdi. CNBC nashri ma’lumotlariga ko‘ra, investorlar AQSh Federal zaxira tizimi stavkalarni pasaytirishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar va iqtisodiyotdagi umumiy noaniqlik fonida oltinni sotib olmoqda.

O‘zbekistonda ham so‘nggi kunlarda oltin narxi keskin oshdi. Markaziy bank besh grammlik quymaning narxini 7,27 mln so‘m etib belgiladi.

Bundan avval jahon bozorida oltin narxi bir troya unsiyasi (31,1 gramm) uchun $3492,5 ni tashkil qilib rekord qo‘ygandi.

Bunda oltin narxining keskin oshishiga asosiy omil AQShning 1 kg og‘irlikdagi oltin quymalariga boj solish qarori bo‘lgandi. Ushbu quymalar Shveysariya, Braziliya va Hindiston kabi mamlakatlardan import qilinadi. Endilikda bu davlatlar muqobil savdo yo‘llarini izlashga majbur bo‘lishmoqda.

Bundan so‘ng Tramp oltinga tarif belgilanmasligini ma’lum qildi. Ushbu qaror jahon qimmatbaho metallar bozorlarida tartibsizlik va sarosimaga sabab bo‘lganidan keyin bildirilgan.

Shuningdek