O‘zbekiston elchixonasi moskvalik fuqaroning kaltaklanishiga aloqadorligini rad etdi

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi 31-avgust kuni Bolshaya Polyanka ko‘chasida sodir bo‘lgan voqeaga aloqadorligi haqidagi ma’lumotni rad etdi.
Avvalroq OAVda moskvalik fuqaro O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi yaqinida kaltaklangani haqida xabar paydo bo‘lgandi. Erkak iti bilan sayrdan qaytayotganida noto‘g‘ri qo‘yilgan mashina haqida bildirgan. Uning aytishicha, mashina O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasiga tegishli bo‘lgan.
Unga ko‘ra, u dastlab tahdidlarni eshitgan, keyin esa xodimlar tomonidan kaltaklangan. Shuningdek, jabrlanuvchining ta’kidlashicha, ishchilar yozuv tarmoqqa tushmasligi uchun uning telefonini sindirishga uringan.
Elchixonaning aniqlik kiritishicha, avtomobil va fotosuratlarda ko‘rsatilgan shaxslarning O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasiga hech qanday aloqasi yo‘q. Mashinaning raqami boshqa davlatga tegishli.
Diplomatik vakolatxonaning ta’kidlashicha, sodir bo‘lgan voqealarda elchixonani ayblashga qaratilgan har qanday urinishlar asossiz.
«O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi jamoatchilik va ommaviy axborot vositalarini tekshirilmagan axborotlarni tarqatmaslikka chaqiradi», deyiladi xabarda.
Bundan avval O‘zbekiston elchixonasi fuqarolarga nisbatan bo‘layotgan hurmatsizliklar yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga rasmiy nota yuborgandi.
Unga ko‘ra, Rossiyada O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan ayrim holatlarda ruxsatsiz tekshiruvlar, qo‘pol muomala va hurmatsizlik holatlari kuzatilgan. O‘zbekiston bunday holatlar ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlikka zid ekanini ta’kidlab, ularning oldini olish uchun aniq chora-tadbirlar zarurligini bildirdi.
Moskva shahridagi elchixona orqali Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga nota yuborilib, inson huquqlari buzilgan holatlarga izoh va huquqiy baho berish so‘raldi. Tashqi ishlar vazirligi bu masalani doimiy nazoratda ushlab turib, zarurat tug‘ilganda qo‘shimcha choralar ko‘rishini ma’lum qildi.