O‘zbekiston Rossiyaga haqorat qilingan taksi haydovchisi sababli nota yo‘lladi

eʼlon qilindi
O‘zbekistonlik taksichi haqorat qilingani aks etgan video sababli
O‘zbekiston Rossiya tashqi ishlar vazirligiga nota yo‘lladi. Ekran tasviri videodan olindi

O‘zbekiston Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga rossiyalik fuqaroning o‘zbekistonlik taksichiga haqorat qilgani aks etgan video sababli nota yubordi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burxanov ma’lum qildi.

Avvalroq internetda bir fuqaroning o‘zbekistonlik taksichiga baqirayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Hodisa Moskva viloyatida yuz bergan. Rossiyalik erkak ko‘pchilik ko‘z o‘ngida haydovchini «ruslarning quli» deb haqorat qilgan va u O‘zbekistonda hech narsa yo‘qligi uchun ishlashga kelganini aytgan.

Taksichi esa uni tinchlantirishga harakat qilib, keyin mashinasiga o‘tirib ketgan. Guvohlarning aytishicha, mojaroga tor ko‘chada chiqindilar mashinasi o‘tishini kutayotgan taksi qisqa vaqtga hovli kirish yo‘lini to‘sib qo‘ygani sabab bo‘lgan.

Video: ijtimoiy tarmoq

O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi erkakning shaxsini aniqlash va uni javobgarlikka tortishni talab qildi. Shuningdek, vazirlik xorijdagi vatandoshlar bilan bog‘liq huquqbuzarliklarni aniqlash uchun internetdagi ma’lumotlarni doimiy kuzatib borishini ta’kidladi.

Avvalroq O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi 31-avgust kuni Bolshaya Polyanka ko‘chasida sodir bo‘lgan voqeaga aloqadorligi haqidagi ma’lumotni rad etgandi.

Unga ko‘ra, moskvalik fuqaro O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi yaqinida kaltaklangani haqida xabar bergan. Elchixonaning aniqlik kiritishicha, fotosuratlarda ko‘rsatilgan shaxslarning O‘zbekiston diplomatik vakolatxonasiga hech qanday aloqasi yo‘q.

Shuningdek, bundan avval ham O‘zbekiston elchixonasi fuqarolarga nisbatan bo‘layotgan hurmatsizliklar yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga rasmiy nota yuborgandi.

Unga ko‘ra, Rossiyada O‘zbekiston fuqarolariga nisbatan ayrim holatlarda ruxsatsiz tekshiruvlar, qo‘pol muomala va hurmatsizlik holatlari kuzatilgan. O‘zbekiston bunday holatlar ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlikka zid ekanini ta’kidlab, ularning oldini olish uchun aniq chora-tadbirlar zarurligini bildirdi.

Shuningdek