Mirziyoyevning paraddagi ishtiroki, Jizzaxdagi $400 millionlik loyiha, Tramp haqidagi mish-mishlar va Rossiyaga nota — 3-sentabr kungi muhim xabarlar dayjesti


Prezident Pekindagi harbiy paradda ishtirok etdi — foto
Shavkat Mirziyoyev 3-sentabr kuni Pekinda bo‘lib o‘tgan Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali harbiy paradda qatnashdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati ma’lum qildi.

Jerar Depardye jinsiy zo‘ravonlikda ayblanib sudga tortiladi
Fransuz kinosining mashhur aktyori Jerar Depardye 2018-yilda aktrisa Sharlotta Arnoudga nisbatan jinsiy tajovuz sodir etishda ayblanib, sud qilinadi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.

Jizzaxda 400 million dollarlik O‘zbekiston – Xitoy innovatsion markazi quriladi
Jizzaxda $400 millionlik O‘zbekiston – Xitoy innovatsion markazi quriladi. Bu haqda Qishloq xo‘jaligi vazirligi ma’lum qildi. Davlat rahbarining Xitoyga tashrifi doirasida O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov Xitoyning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi.

Donald Tramp sog‘lig‘i haqidagi mish-mishlarni rad etdi
AQSh prezidenti Donald Tramp sog‘lig‘i yomonlashgani haqidagi ijtimoiy tarmoqlardagi xabarlarni «soxta» deb atadi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.

Xitoy Toshkentga mobil podstansiyalar yetkazib beradi — Energetika vaziri
O‘zbekiston Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Toshkent Xitoydan ko‘chma mobil podstansiyalar olishini ma’lum qildi. Uskunalardan statsionar podstansiyalarni ta’mirlashda foydalaniladi.

O‘zbekiston Rossiyaga haqorat qilingan taksi haydovchisi sababli nota yo‘lladi
O‘zbekiston Rossiya Tashqi ishlar vazirligiga rossiyalik fuqaroning o‘zbekistonlik taksichiga haqorat qilgani aks etgan video sababli nota yubordi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Axror Burxanov ma’lum qildi.

Paulu Bentu O‘zbekiston futbol terma jamoasini boshqarmaydi
Portugaliyalik murabbiy Paulu Bentu O‘zbekiston milliy terma jamoasini boshqarish taklifini rad etdi. Futbol federatsiyasi mutaxassisga 2026-yilgi jahon chempionati debyutiga tayyorgarlik ko‘rish uchun mo‘ljallangan shartnoma taqdim etgan edi.

Kim Chen Inning qizi ilk xorijiy tashrifda ko‘rinish berdi
Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In Pekinga kelganida uning qizi Kim Ju Ae ham ilk bor xorijiy sahnada paydo bo‘ldi. Bu haqda CNN agentligi ma’lum qildi.

Saida Mirziyoyeva Andrea Bochelli konsertiga tashrif buyurdi
1-sentabr kuni Saida Mirziyoyeva taniqli tenor Andrea Bochellining konsert dasturida qatnashdi. Bu haqda o‘z Telegram kanalida xabar berdi.