
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda elektromobillarga bo‘lgan qiziqish sezilarli darajada oshmoqda. Haydovchilar orasida eng ko‘p beriladigan savollardan biri shuki: elektromobilni zaryadlash qancha turadi va bu benzinli mashina xarajatidan arzonroqmi? Elektromobillarni quvvatlash uy sharoitida oddiy elektr tarmog‘i orqali yoki maxsus jamoat zaryadlash stansiyalarida tezkor quvvat olish orqali amalga oshiriladi. Ushbu maqolada O‘zbekistonda elektromobilni zaryadlash narxlari va 100 km masofaga ketadigan xarajatlarni hisoblaymiz.
Bu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:
- Elektromobilni jamoat joyida quvvatlantirish;
- Uyda zaryadlash;
- Benzinli avtomobil qulaymi yoki elektromobil;
- Elektromobilni quvvatlash Tesla misolida;
- Hisoblash jadvali.
Jamoat zaryadlash stansiyalari

Mamlakatda jamoat quvvatlash tarmog‘i hali rivojlanmoqda. Tezkor DC stansiyada mashina yarim soatda 80–100% to‘lishi mumkin. Bu qulaylikning narxi balandroq bo‘ladi. 1 kVt·soat elektr energiya 1 500–2 500 so‘m atrofida turadi. Ba’zan aksiyalarda 1 490 so‘mgacha tushiriladi. Batareyani to‘liq quvvatlash 150 ming so‘mgacha tushishi mumkin. Bunday batareya 480 km yo‘l yurishga yetadi. Shu asosda 100 km uchun 30–32 ming so‘m sarf bo‘ladi. Oddiy AC stansiyalar 22 kVtgacha quvvatda ishlaydi va arzonroq.
2025-yil 1-may holatida 1 399 ta stansiya faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu o‘tgan yilga qaraganda 2,5 baravar ko‘pdir. Ularning 70 foizi Toshkent shahri va viloyatida joylashgan. Qolgan stansiyalar boshqa hududlarda o‘rnatilgan. Tarmoq kengaysa, narxlar asta-sekin arzonlashishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda elektromobillarni jamoat stansiyalarida zaryadlash narxlari quvvat turiga qarab farqlanadi. Odatdagi tezkor stansiyalarda 1 kVt·soat elektr energiyasi o‘rtacha 2 000 so‘mni tashkil etadi. Masalan, 50 kVt·soat sig‘imli elektromobilni to‘liq quvvatlash 100 ming so‘m atrofida tushadi va mashina 300–350 km masofa yurishi mumkin.
Biroq yanada kuchli, 200–240 kVt quvvatli supertezkor (ultra fast) stansiyalarda narx yuqoriroq. Bu yerda 1 kVt·soat uchun 2 800 so‘m to‘lanadi. Shunday qilib, 50 kVt·soat sig‘imli batareyani to‘ldirish qariyb 140 ming so‘m, 75 kVt·soat sig‘imli katta akkumulyatorni to‘ldirish esa 208 ming so‘mga tushadi.
Afzalligi shundaki, bu turdagi stansiyalarda avtomobilni 20–30 daqiqada 80% gacha zaryadlab olish mumkin. Oddiy 2 000 so‘mlik stansiyalarga qaraganda qimmat bo‘lsa-da, vaqtni sezilarli darajada tejash imkonini beradi.
Uy sharoitida zaryadlash

Elektromobilni uyda rozetkadan quvvatlash eng arzon usuldir. Elektr narxi oyiga 200 kVt·soatgacha 600 so‘m qilib belgilangan. Keyingi 300 kVt uchun 800 so‘m, undan keyin esa yanada oshadi. 480 km masofaga yeta oladigan batareyani uyda to‘ldirish 18–20 ming so‘m. Shu hisobda 100 km uchun 5–10 ming so‘m sarflanadi. Bu jamoat stansiyalariga va benzin xarajatiga qaraganda ancha arzon.
Minus tomoni uyda zaryadlash vaqti uzoq davom etadi. Masalan, Tesla 70 kVt·soat batareyasi uy rozetkasida 20 soatda to‘ladi. Kichik batareyalar 8–10 soatda quvvatlanadi. Agar uyga «Wallbox» qurilmasi o‘rnatilsa, vaqt ancha qisqaradi. Shu bilan birga, baribir tezkor stansiyalarday tez bo‘lmaydi. Yana bir narsani unutmaslik mumkinki, uyda zaryadlash vaqtni tejash va haydovchi dam olayotgan payti unumli foydalanish sifatida ham qaraladi.
100 km uchun xarajat va benzin bilan taqqoslash

Ko‘p elektromobillar 100 km masofaga 14–16 kVt·soat energiya sarflaydi. Ba’zi ixcham modellar 10–12 kVt·soatda ham 100 km yuradi. O‘rtacha benzinli mashina 100 km uchun 8–10 litr benzin sarflaydi. AI-92 benzini hozirda 10 500 so‘m atrofida turadi. Demak, 100 km yurish uchun 85–105 ming so‘m kerak bo‘ladi. Tezkor stansiyada elektromobil 100 km uchun 30 ming so‘m sarflaydi. Uyda quvvatlansa, bu xarajat 10 ming so‘mdan ham kam bo‘ladi. Shunday qilib, elektromobillar benzinli mashinalarga qaraganda ancha tejamkor.
Tesla Model 3 zaryadlash xarajatlari

Tesla Model 3 modeli dunyodagi eng ommabop elektrosedanlardan biri. U 50 kVt·soat va 75 kVt·soat batareya variantlariga ega.
Standart 50 kVt·soat batareya 350–400 km masofani ta’minlaydi. Long Range 75 kVt·soat batareya esa 500 km gacha yuradi.
Model 3 ning energiya sarfi o‘rtacha 13–14 kVt·soat/100 km bo‘ladi. Bu uni benzinli mashinalarga qaraganda ancha tejamkor qiladi.
Uyda zaryadlash: 50 kVt·soat × 600 so‘m = 30 ming so‘m. 100 km uchun sarf ~8 600 so‘m. Long Range versiyada esa ~45 ming so‘m bo‘lib, 100 km uchun 9–10 ming so‘m.
Jamoat stansiyasi: 50 kVt·soat × 2 000 so‘m = 100 ming so‘m. 100 km uchun xarajat ~28 500 so‘mni tashkil etadi. Agar narx 2 500 so‘m/kVt bo‘lsa, 100 km uchun xarajat 35 ming so‘mga chiqadi.
Taqqoslash uchun: benzinli sedan 100 km uchun 80–90 ming so‘m sarflaydi. Tesla esa baribir arzonroq.
Hisoblash jadvali
Joyi | Tarif (so‘m/kVt·soat) | Zaryad hajmi (kVt·soat) | Umumiy xarajat (so‘m) |
---|---|---|---|
Uyda (arzon) | 600 | 50 | 30 000 |
Uyda (oshgan tarif) | 800 | 50 | 40 000 |
Jamoat stansiyasi | 2 000 | 50 | 100 000 |
Jamoat stansiyasi (tezkor) | 2 777 | 50 | 138 850 |
Avvalroq Chevrolet Gentra avtomobilining qanday kamchiliklari haqida yozgan edik.