O‘zbekistonning davlat qarzi 43 mlrd dollardan oshdi

eʼlon qilindi
Tashqi qarz hajmi bir yil ichida $5,5 milliardga oshdi
Foto: depositphotos.com

O‘zbekistonning davlat qarzi 2025-yilning ikkinchi choragida $785 millionga oshib, $43,38 milliardga yetdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, yil boshidan buyon qarz hajmi $3,16 milliardga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan esa $6,13 milliardga ko‘paygan. Natijada davlat qarzining yalpi ichki mahsulotga (YIM) nisbatan ulushi aprel–iyun oylarida 33,6 foizdan 34,2 foizgacha ko‘tarildi.

Qarzning asosiy qismini tashqi manbalar tashkil qilib, $36,41 milliardni yoki jami qarzning 84 foizini ko‘rsatmoqda. Tashqi qarz hajmi bir yil ichida $5,5 milliardga oshib, YIMga nisbatan ulushi 28,7 foizgacha ko‘tarildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, tashqi qarzning $20,39 milliardi qat’iy foiz stavkalarda, $15,87 milliardi esa o‘zgaruvchan stavkalarda jalb qilingan. Asosan uzoq muddatli kreditlar shaklida olingan mablag‘larni qaytarish muddati bir yildan ortiq.

Shu bilan birga, ichki qarz ikkinchi chorakda $67 millionga kamayib, $6,96 milliardni tashkil etdi.

Avvalroq «Kursiv» Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 1-chorakda O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi $68,4 mlrdni tashkil qilgani haqida yozgandi.

Shuningdek