Pokistondagi portlash oqibatida kamida 11 kishi halok bo‘ldi

Pokistonning janubi-g‘arbiy qismidagi Quetta shahrida millatchi siyosatchi Sardor Ataulloh Mengal xotirasiga bag‘ishlangan yig‘inda portlash yuz berdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisada kamida 11 kishi halok bo‘lgan, yana 30 kishi jarohat olgan. Hukumat vakili Hamza Shafaatning aytishicha, bomba odamlar tarqala boshlagan paytda avtoturargohda portlagan. Politsiya bu o‘zini portlatish hujumi bo‘lishi mumkinligini bildirdi.
Portlash uchun hozircha hech bir guruh javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. Quetta notinch Balochiston viloyatining markazi bo‘lib, bu hududda ham islomiy jangarilar, ham baluj ajralib chiqishni istagan guruhlar faoliyat yuritadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pokiston yangi Armiya raketa kuchlarini tuzishi haqida xabar qilgan edik.