«Poytaxt bank»ka yangi rahbar tayinlandi

«Poytaxt bank» boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi etib Abror Turg‘unov tayinlandi. Bu haqda Korporativ axborot yagona portalida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, 28-avgust kuni bank kuzatuv kengashi qaroriga asosan 1983-yilda Toshkentda tug‘ilgan Abror Turg‘unov rahbarlikka tayinlandi.
U Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida «Marketing» mutaxassisligi bo‘yicha, keyinchalik Bank ishi va moliya akademiyasida «Investitsiyalarni boshqarish» yo‘nalishi bo‘yicha tahsil olgan. 2024-yil iyunidan buyon «Poytaxt bank» raisi o‘rinbosari vazifasini bajarib kelgan.
Turg‘unov bu lavozimda chakana kreditlash, g‘aznachilik, iqtisodiy tahlil va strategik rivojlanish, tashqi iqtisodiy faoliyat hamda xarid bo‘limlariga rahbarlik qilgan.
Rahbariyatdagi bu o‘zgarish, o‘tgan oyda bankning sobiq rahbari Dustboy Abjalov va Markaziy bank birinchi o‘rinbosari Nodirbek Saydullayev o‘rtasida bo‘lib o‘tgan ochiq muloqotdan so‘ng amalga oshdi. O‘sha tadbirda Abjalov o‘zini «Poytaxt bank» boshqaruvi raisi sifatida tanishtirgan, biroq Markaziy bank vakili uning faqat vaqtincha rahbar ekanini eslatgandi.
Avvalroq «Kursiv» nashri «Yevroosiyo banki» O‘zbekistondagi faoliyatini nega yakunlaganiga izoh bergani haqida yozgandi.