«Tajen — Dovut-ota» chegara punktidagi cheklovlar yil oxirigacha uzaytirildi

«Tajen — Dovut-ota» chegara o‘tkazish punkti orqali jismoniy shaxslar, yengil avtomobillar, avtobuslar va vazni 3,5 tonnadan oshmaydigan yuk mashinalari harakati bo‘yicha cheklovlar shu yilning 31-dekabrigacha uzaytirildi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Moliya vazirligi Davlat daromadlari qo‘mitasi xabariga tayanib, Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
Ushbu cheklovlar shu yilning 1-fevralidan joriy etilgan bo‘lib, ularning uzaytirilishiga punkt hududida olib borilayotgan qurilish va rekonstruksiya ishlari sabab bo‘lmoqda.
Jumladan, ma’muriy binolarda kapital ta’mirlash, yo‘l qoplamalarida betonlash ishlari olib borilmoqda. Qozog‘iston tomonining ta’kidlashicha, bu choralar yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash hamda qurilish ishlarini jadallashtirish maqsadida qabul qilingan.
Shu bilan birga, vazni 3,5 tonnadan ortiq bo‘lgan yuk avtomobillari mazkur chegara orqali harakatlanishda davom etishi mumkin.
Qo‘shimcha ravishda, jismoniy shaxslar uchun qulaylik yaratish maqsadida Qoraqalpog‘iston temir yo‘l o‘tkazish punkti orqali Nukus–Beyneu yo‘nalishida qo‘shimcha yo‘lovchi poyezdlari qatnovi yo‘lga qo‘yilgan.
Cheklov kiritilishi
Joriy yilning 1-fevralidan boshlab ushbu chegara punkitida harakat 3 oyga cheklangandi.
May oyiga kelib bu cheklov 1-sentabrgacha uzaytirildi. Shuningdek, may oyidan avgustgacha Qozog‘istonning «KazAvtoJol» milliy kompaniyasi ikkala chegara punktlari o‘rtasidagi neytral hududda avtomobil yo‘lini qurishni amalga oshirishi xabar berilgandi.
Shuningdek, «Kursiv» o‘zbek – qozoq chegarasida mahsulotlar tranziti uchun «yashil yo‘lak» joriy etilishi mumkinligi haqida yozgandi.
Shu bilan birga, Afg‘onistonning «Salang» dovoni 10-iyundan boshlab navbatdagi ta’mirlash ishlari sababli yopilgan.