Toshkentda .apk fayllar orqali 3 mlrd so‘mga yaqin pulni o‘g‘irlaganlar qo‘lga olindi

Toshkent shahrida Telegram messenjeri orqali fuqarolarning 3 milliard so‘mga yaqin mablag‘larini o‘g‘irlagan kiberjinoyatchilar qo‘lga olindi. Bu haqda Kiberxavfsizlik xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, jinoyatchilar Android qurilmalari uchun APK kengaytmali zararli dasturlar yaratib, fuqarolarga yuborib kelishgan. Virus telefonlarga o‘rnatilgach, ularning SMS xabarlari, qo‘ng‘iroqlari va kontakt ma’lumotlari o‘g‘irlab olingan.
Mazkur dasturlar Telegram’dagi maxsus guruhlarga ulangan bo‘lib, unda 11 nafar turli davlat vakillari ishtirok etgani aniqlangan. Ular fuqarolarning shaxsiy ma’lumotlarini yig‘ib, noqonuniy tarzda foydalanishgan.
O‘tkazilgan tezkor reydda jinoiy guruhning 5 nafar a’zosi qo‘lga olindi. Ularning yashash joylari va telefonlari tekshirilganda, 133 kishining jami 3 milliard so‘mga yaqin mablag‘i o‘g‘irlanganligi ma’lum bo‘ldi.
Hozirda gumonlanuvchilarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ular protsessual tartibda qamoqqa olingan. Kiberxavfsizlik markazi ma’lumotiga ko‘ra, ushbu jinoiy sxemaga aloqador boshqa shaxslarni aniqlash bo‘yicha respublika miqyosida tezkor-qidiruv ishlari davom etmoqda.
Avvalroq «Kursiv» besh yil ichida O‘zbekistonda kiberjinoyatchilik 68 baravarga oshgani haqida xabar bergandi.