Toshkentda tungi avtobuslar qatnovi yo‘lga qo‘yiladi — deputatlar kengashi qarori

Toshkent shahrida tungi avtobus yo‘nalishlari ishga tushiriladi. Bu haqda Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, yangi tizim brutto-shartnoma asosida faoliyat yuritadi hamda yo‘l haqi poytaxt jamoat transportining umumiy tariflari bilan bir xil bo‘ladi.
Yangi avtobuslar zamonaviy talablar asosida ishlab chiqarilgan bo‘lib, konditsioner, Wi-Fi va videokuzatuv tizimi bilan jihozlanadi. Imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ham moslashtiriladi.
Shuningdek, Toshkent shahar Turizm boshqarmasi va Transport boshqarmasi mutasaddilariga yo‘nalishlar, harakat jadvali va mavjud qulayliklar haqida keng jamoatchilikka xabar berish vazifasi yuklatildi.
Qaror ijrosini nazorat qilish shahar Kengashining tegishli komissiyasi hamda Toshkent hokimining o‘rinbosarlariga topshirildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentda 2025-yil oxirigacha tungi avtobuslar yo‘lga qo‘yilishi haqida yozgandi.