
Shvetsiyaning Volvo kompaniyasi 2026-yil yanvarida Stokgolmda yangi Volvo EX60 elektromobilini taqdim etadi. ITHome nashrining yozishicha, model bir marta to‘liq quvvatlanganda 700 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tadi va shu tariqa Volvo tarixida eng uzoq yurish zaxirasiga ega avtomobilga aylanadi.
EX60 tashqi ko‘rinishda mashhur XC60 modelining dizaynidan ilhomlangan. Biroq endilikda u to‘liq elektr versiyada ishlab chiqariladi. Avtomobil «Mjo‘lnir» uslubidagi faralari va EX90 modeliga o‘xshash silueti bilan brendning zamonaviy uslubini davom ettiradi.
Yangi model kompaniyaning o‘ziga xos SPA3 platformasida yig‘iladi. Volvo muhandislariga ko‘ra, bu platforma Geely bilan bog‘liq emas va benzinli dvigatellardan qolgan texnik cheklovlarni bartaraf etadi. Natijada avtomobilga eng ilg‘or elektronika va dasturiy ta’minot joriy etilgan.
EX60’da EX90 modelida sinovdan o‘tgan masofadan boshqariladigan yangilanishlar va bulutli xizmatlar tizimi qo‘llanadi. Bundan tashqari, ishlab chiqarishda «gigant quyma» texnologiyasi ishlatiladi — bu yirik detallarni bir bosqichda yaratish imkonini berib, avtomobilning mustahkamligi va ishlab chiqarish samaradorligini oshiradi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Volvo XC70 PHEV avtomobili oldindan savdoga chiqqani haqida xabar begran edi.
Volvo Xitoyda yig‘ilgan yangi Volvo XC70 avtomobilini oldindan savdoga chiqardi. Model brendning yangi SMA (Scalable Modular Architecture) platformasida ishlab chiqilgan. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Yangi XC70 yetti xil rangda taqdim etiladi: oq, qora, ikki xil kulrang, jigarrang, ko‘k va yashil. Old qismda 41 ta LED’dan iborat Thor’s Hammer kunduzgi chiroqlari joylashgan. Orqa qismda esa Volvo’ning boshqacha uslubdagi stop-chiroqlari saqlangan. Avtomobil o‘lchamlari 4815×1890×1650 mm, g‘ildirak bazasi esa 2895 mmni tashkil etadi.