
Citibank o‘tkazgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, kelgusi besh yil ichida post-savdo bozoridagi aylanmaning 10 foizi kriptovalyuta va raqamli aktivlar orqali amalga oshirilishi kutilmoqda.
So‘rovnomada dunyoning turli hududlaridan – Amerika, Yevropa, Osiyo – Tinch okeani mintaqasi va Yaqin Sharqdan 537 nafar moliyaviy tashkilot vakillari (banklar, brokerlar, aktivlarni boshqaruvchilar va investorlar) qatnashgan. Ularning yarmidan ko‘pi post-savdo jarayonlarida generativ sun’iy intellekt (GenAI) texnologiyasini sinovdan o‘tkazayotganini bildirgan.
Citi hisobotida qayd etilishicha, 2021-yildan buyon raqamli aktivlardan foydalanish tajriba darajasidan strategik bosqichga o‘tgan. Hali to‘liq o‘zgarish nuqtasiga yetilmagan bo‘lsa-da, jarayon yaqin kelajakda keskin o‘sishi mumkinligi aytilmoqda.
So‘rovnoma ishtirokchilari likvidlikni oshirish va xarajatlarni kamaytirish raqamli texnologiyalarga sarmoya kiritishdagi asosiy sabab ekanini ta’kidlagan. Ko‘pchilik blokcheyn texnologiyasi kelgusi uch yilda aynan shu sohalarga katta ta’sir ko‘rsatadi, deb hisoblaydi.
AQShda raqamli aktivlarga ishonch yuqoriroq bo‘lib, 2030-yilga kelib bozor aylanmasining 14 foizi shu yo‘nalishga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda. Yevropada bu ko‘rsatkich 10%, Osiyo-Tinch okeani hududida esa to‘qqiz foiz deb taxmin qilinmoqda. AQShda bunday o‘sishning asosiy sabablari sifatida yangi qabul qilingan qonunlar hamda yirik kompaniyalar, masalan, stablecoin ishlab chiqaruvchi Circle va aktivlarni boshqaruvchi BlackRock faoliyati qayd etildi.
Shuningdek, so‘rov qatnashchilari GenAI texnologiyasi post-treyd bozorida muhim rol o‘ynashini aytgan. Ularning 57 foizi bu texnologiyani qo‘llashni boshlagan. Eng ko‘p qo‘llanayotgan yo‘nalish — mijozlarni tez va qulay tarzda tizimga jalb qilish (onboarding) bo‘lib, bu jarayonda brokerlarning 83 foizi, depozitorlarning 63 foizi va aktivlarni boshqaruvchilarning 60 foizi GenAI dan foydalanmoqda.
Bundan avval AQSh prezidenti Donald Tramp steblkoinlarni tartibga solish to‘g‘risidagi federal qonunni imzolagandi. Steblkoinlar dollar kabi barqaror aktivlarga bog‘langan kriptovalyutalardir. GENIUS qonuni banklar va boshqa tashkilotlar uchun ularni chiqarishni soddalashtiradi, bu esa bunday aktivlarga bo‘lgan ishonchni oshirishi kerak.
ABC News avvalroq Oq uy rahbari kriptovalyutalarga shubha bilan qaraganini ta’kidladi. Biroq yaqinda Tramp kriptovalyutalar ishqibozi ekanini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH bu sohada ustunlik qilmoqda.
Shuningdek, 14-avgust kuni bitkoin narxi $124 mingdan oshib, kriptovalyuta bozorida yangi tarixiy cho‘qqini qayd etdi. Ta’kidlanishicha, narxning jadal oʻsishi AQShda Donald Tramp tomonidan imzolangan soliq imtiyozlari hamda biznesni qoʻllab-quvvatlashni nazarda tutuvchi qonun bilan bogʻliq.