AQSh sudi Trampning Garvard grantlarini bekor qilishini noqonuniy deb topdi

AQSh federal sudyasi Donald Tramp ma’muriyatining Garvard universitetiga ajratilgan $2,2 mlrdlik grantlarni bekor qilishini noqonuniy deb topdi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Sudya Allison Burroughs qarorida ma’muriyat universitetga bosim o‘tkazib, uni so‘z erkinligi huquqlaridan mahrum etishga uringanini ta’kidladi. Sud qaroriga ko‘ra, Tramp ma’muriyati endilikda Garvardga ajratilgan federal mablag‘larni muzlatib qo‘yishi yoki to‘xtatishi mumkin emas.
Garvard prezidenti Alan Garber bu qarorni oliygohning akademik erkinligi va ilmiy tadqiqotlarini himoya qiluvchi muhim g‘alaba sifatida baholadi. Oq uy esa sud qaroridan norozi bo‘lib, apellyatsiya berishini bildirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Donald Tramp sog‘lig‘i haqidagi mish-mishlarni rad etgani haqida xabar bergan edik.