Banklarda muammoli kreditlarni kamaytirishga qaratilgan qonun ma’qullandi

Senatning o‘ninchi yalpi majlisida banklar portfelida muammoli kreditlarni bartaraf etishga qaratilgan qonun maʼqullandi. Bu haqda Yuqori palata matbuot xizmati xabar berdi.
Ushbu hujjat sud va boshqa organlar hujjatlarining ijrosini raqamlashtirish, inson omilini kamaytirish hamda ijrodan bo‘yin tovlashning oldini olishga qaratilgan.
Qonunga ko‘ra, auksionda sotilmagan mol-mulk undiruvchiga berilganda, unga qo‘yilgan barcha taqiqlar davlat ijrochisi qarori bilan bekor qilinadi. Bu qaror mol-mulkni taqiqlarsiz davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Mazkur qonun xorijiy tajriba asosida ishlab chiqilgan bo‘lib, kreditorlarning huquqlarini mustahkamlash, banklardagi muammoli kreditlarni kamaytirish va fuqarolar hamda yuridik shaxslarning manfaatlarini samarali himoya qilishga xizmat qiladi.
1-avgust holatiga ko‘ra, banklardagi muammoli kreditlar umumiy miqdori 22,6 trln so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich 1-iyul bilan solishtirilganda 0,3 foizga, ya’ni 684 mlrd so‘mga oshgan. Iyun oyida bu ko‘rsatkich 21,8 trln so‘mni tashkil etgandi.
Jami kreditlardagi NPL ulushi ham 3,9 foizga oshdi. Iyun oyida bu ko‘rsatkich 3,8 foizni tashkil qilgan. Iyul oyida banklarning kredit portfeli 576,2 trln so‘mni tashkil qilgan. Iyun oyiga nisbatan 1 trln so‘mga oshgan.