Baxtiyor Saidov Fransiyaning yangi tayinlangan elchisini qabul qildi

O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Fransiyaning O‘zbekistondagi yangi tayinlangan elchisi Ualid Fukdan ishonch yorliqlari nusxalarini qabul qildi. Bu haqda vazir o‘z telegram kanalida ma’lum qildi.
«Ikki davlat o‘rtasidagi mustahkam tarixiy zamin va boy an’analarga ega munosabatlar so‘nggi yillarda yuqori sur’atlar bilan rivojlanib, strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. Bugungi kunda hamkorlik iqtisodiyotdan tortib madaniyatgacha bo‘lgan barcha sohalarni qamrab olmoqda. Shu bilan birga, mavjud salohiyat yanada keng bo‘lib, uni to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun diplomatlarimizning hamkorlikdagi sa’y-harakatlari muhim ahamiyat kasb etadi», deya qayd etgan Baxtiyor Saidov.




Vazir yangi elchiga O‘zbekistondagi faoliyatida muvaffaqiyatlar va samarali mehnat tiladi.
Bundan avval ushbu lavozimda Oreliya Bushez faoliyat yuritgandi. Bushez 2021-yil 8-oktabr kuni o‘sha paytdagi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilovga ishonch yorliqlarining nusxasini topshirgan, 2021-yil 27-dekabrda esa Shavkat Mirziyoyevga ishonch yorlig‘ini taqdim etgandi. U 12-avgustdan o‘z faoliyatini tugatgan.