Bo‘stonliqda tadbirkordan noqonuniy ushlab qolingan 115,6 million so‘m qaytarildi

Biznes-ombudsman devoniga Bo‘stanliq tumanidagi jamiyat rahbari tijorat banki mansabdor shaxslarining noqonuniy harakatlari yuzasidan murojaat yo‘llagan. Bu haqda ombudsmanning matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, «Biznesni rivojlantirish banki» hududiy bo‘linmasi sud qarorida belgilangan asosiy qarzdan tashqari, keyingi davr uchun asossiz ustama jarima hisoblab, korxonaning hisobidan 115,6 million so‘m yechib olgani aniqlandi.
Shuningdek, tadbirkor bir necha bor bankka murojaat qilganiga qaramay, arizalari e’tiborsiz qoldirilgan.
Holat yuzasidan bank mansabdor shaxsi murojaatni ko‘rib chiqish tartibini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortildi. Tadbirkorning mablag‘lari esa to‘liq hajmda korxona hisobiga qaytarib berildi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan turkiyalik tadbirkor Toshkentda yangi klinika ochish uchun $1,2 million investitsiya kiritishi haqida yozgandi.