«Hozir hamma jim, keyin esa shikoyat qilishadi»: ILMA kapital bozori ishtirokchilarini muloqot qilishga chaqirdi

eʼlon qilindi
ILMA normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qiladi, biroq fikr-mulohazalarning sifati juda past darajada
O‘zbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari / Vyacheslav Pak. Foto: Kursiv Uzbekistan

Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak kapital bozori ishtirokchilarini normativ-huquqiy hujjatlarning jamoatchilik muhokamasida faolroq ishtirok etishga chaqirdi. Bu haqda u Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan «O‘zbekiston kapital bozori» Cbonds VII xalqaro konferensiyasida ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.

ILMA normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qiladi, biroq fikr-mulohazalarning sifati juda past darajada. Hujjat ishlab chiqilayotgan paytda hamma jim turadi, u qabul qilingach esa tanqidlar boshlanadi, deya ta’kidladi Pak.

«Yana bir bor ta’kidlamoqchiman: kapital bozorini rivojlantirish faqat regulyatorning sa’y-harakati emas. Bu regulyator va bozorning qo‘shma harakatlari bo‘lishi kerak. Siz bizga o‘z maslahatlaringizni berib, «Bu joyi noto‘g‘ri, keling, o‘zgartiramiz. Bu bizga halaqit bermoqda» deyishingiz kerak. Agar fikringizni asoslasangiz, biz o‘zgartirishga tayyormiz. Biz doim muloqotga ochiqmiz va o‘ylaymanki, shu yerda o‘tirganlarning barchasi buni tasdiqlaydi», — dedi ILMA direktor o‘rinbosari.

Korporativ obligatsiyalar: jahon standartlari tomon siljish

Vyacheslav Pak korporativ obligatsiyalar bozoridagi o‘zgarishlarga alohida e’tibor qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda fond bozorini rivojlantirish tushunchasining o‘zi asta-sekin o‘zgarib bormoqda.

«Ilgari asosiy e’tibor nimagadir aksiyalarga qaratilgan edi, holbuki butun dunyoda aksiyalar bozorning atigi uchdan bir qismini tashkil etadi. Korporativ obligatsiyalar hajmining o‘sishi va ulushi kengayayotgani bizni juda quvontiradi, chunki bu bizning to‘g‘ri yo‘ldan ketayotganimizdan dalolat beradi», — dedi u.

Regulyatorning qonunchilikdagi qadamlari va kutilmalari

Pakning so‘zlariga ko‘ra, kapital bozorida raqamlashtirish, infratuzilma va dasturiy ta’minot sohalarida muammolar mavjud. Shuningdek, u regulyator bu muammolarni hal qilishga va ularga o‘z vaqtida javob berishga harakat qilayotganini ta’kidladi. Ammo o‘tgan yil bilan solishtirganda, ayrim muammolar o‘z holicha qolmoqda. Xususan, aksiyalar bozorida doimiy qiziqish uyg‘otadigan va savdo hajmining o‘sishini ta’minlaydigan jozibador «fishkalar» (kompaniyalar) mavjud emas.

«Ko‘p jihatdan bu holat xususiylashtirish jarayonini tezlashtirish zarurati bilan bog‘liq. Kompaniyalar mablag‘ni faqat kreditlar orqali emas, balki aksiyalar chiqarish hisobidan ham jalb etishga qiziqishi kerak. Allaqachon biz korporativ obligatsiyalar bozorida siljish va o‘sishni ko‘ryapmiz. Ayrim banklar va ishtirokchilar bu vositaning jozibadorligini anglab yetishdi», — dedi u.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan milliy valyutada obligatsiyalar chiqarish soddalashishi haqida yozgandi.

Shuningdek