Portugaliyada funikulyor halokatga uchrashi oqibatida 17 kishi vafot etdi

Portugaliya poytaxti Lissabonda mashhur Gloriya funikulyori 3-sentabr kuni relsdan chiqib ketishi natijasida 17 kishi halok bo‘ldi, 23 kishi jarohat oldi. Bu haqda DW nashri xabar berdi.
Ulardan besh nafarining ahvoli og‘ir ekani qayd etildi. Guvohlarning aytishicha, vagon tik ko‘chadan katta tezlikda tushib kelib, binoga kuchli zarba bilan urilgan va butunlay vayron bo‘lgan.
Lissabon meri Karlush Muedash shahar tarixida bunday fojia yuz bermaganini ta’kidlab, 4-sentabrdan uch kunlik motam e’lon qildi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halokatga tortuvchi trosning uzilishi yoki bo‘shashishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Shahar transport operatori Carris vagon vaqtida texnik ko‘rikdan o‘tganini ma’lum qildi va hozirda tergov ishlari huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan birgalikda olib borilmoqda.
Ma’lumot uchun, Gloria funikulyori 1885-yilda ishga tushirilgan bo‘lib, 1915-yilda elektrlashtirilgan. U shahar markazidagi Baysha hududini tepalikdagi Bayrru-Altu tumani bilan bog‘laydi. Lissabon ramziga aylangan ushbu funikulyor har to‘rt yilda bir marta kapital ta’mirdan o‘tkaziladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Texasda propan ortilgan poezd halokatga uchragani haqida yozgandi.