O‘zbekistonda fuqarolarning 86 foizi pensiyasini bank kartasi orqali oladi

2025-yil sentabrda pensiyalarni naqdsiz shaklda oladigan fuqarolar uchun mablag‘lar to‘liq moliyalashtirildi. Bu haqda Pensiya jamg‘armasi xabar berdi.
Pensiya jamg‘armasi 4,2 million nafar pensioner uchun mablag‘larni tijorat banklariga o‘tkazib berdi. O‘z navbatida pensiya to‘lovlarini naqd pulsiz shaklda oluvchi 3,6 million nafar fuqaroning (jami oluvchilarning 86 foizi) pensiya pullari bank kartalariga yuklandi.
Naqd pul shaklida pensiya oluvchilarga esa to‘lovlar 4-sentabrdan boshlab tasdiqlangan jadval asosida Xalq bankining sayyor kassalari orqali yetkazib beriladi.
Joriy yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekistonda pensiya va nafaqalar miqdori 10 foizga oshirildi.
Quyidagi jadvalda pensiya va nafaqalarning eski va yangi miqdorlari aks ettirilgan:
To‘lov turi | Oldingi miqdor (so‘m) | Amaldagi miqdor (so‘m) |
---|---|---|
Pensiyani hisoblashning bazaviy miqdori | 428 000 | 471 000 |
Yoshga doir eng kam pensiya miqdori | 834 000 | 918 000 |
Mehnatga layoqatsizlar va bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun nafaqa | 920 000 | 1 012 000 |
Ish staji to‘liq bo‘lmagan nogironlik pensiyasining eng kam miqdori | 920 000 | 1 012 000 |
Zarur ish stajiga ega bo‘lmagan keksa yoshdagilar uchun nafaqa | 745 000 | 820 000 |
Ish staji to‘liq bo‘lmagan yoshga doir pensiya (qo‘shimcha to‘lovlar hisobga olingan holda) | 745 000 | 820 000 |
Bundan tashqari, Iqtisodiyot va moliya vazirligi e’lon qilgan 2026 – 2028-yillar fiskal strategiyasiga ko‘ra, budjet xodimlari ish haqi, pensiyalar va ijtimoiy nafaqalar har yili inflyatsiya darajasidan yuqori miqdorda oshiriladi.
Shuningdek, Pensiya jamg‘armasining daromadlarini ta’minlash maqsadida ijtimoiy soliq bo‘yicha imtiyozlar qayta ko‘rib chiqiladi. 2025-yilda budjetdan Pensiya jamg‘armasiga ajratmalar 20 trln so‘mdan oshadi, 2028-yilga borib esa bu raqam 26 trln so‘mga yetadi.